Vyetnamda “Matmo” to‘foni sabab bo‘lgan kuchli yomg‘ir va suv toshqini oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohatlandi, deya xabar beradi Sinxua axborot agentligi.
Mamlakat tabiiy ofatlarga qarshi kurash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 15 700 dan ortiq uy suv ostida qolgan, 400 dan ortiq uy zarar ko‘rgan. 14,6 ming gektardan ortiq sholi va boshqa qishloq xo‘jaligi yerlari ham suv ostida qolgan.
Bundan tashqari, 97 mingdan ortiq chorva va parrandalarni sel suvlari olib ketgan. Mamlakatning shimoliy va markaziy qismidagi tog‘li viloyatlardagi 602 ta hudud suv ostida qolgan, ko‘chkilar tufayli transport harakati cheklangan.
Vyetnam bosh vaziri Fam Min Trin favqulodda direktiva chiqardi, unda suv toshqinlari va ko‘chkilarning oldini olish va zarar ko‘rgan hududlarda aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.