“Oliy ta’lim muassasiga kelib, auditoriyada o‘qiysan, degan majburiyat yo‘q”. Mas’ul Toshkent tibbiyot akademiyasida barcha talabalar an’anaviy tarzda o‘qishga majburlanayotgani haqidagi murojaatga munosabat bildirdi
Oliy ta’lim muassasalarida joriy o‘quv yilini an’anaviy shaklda boshlash bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalaridan kelib tushgan murojaatga munosabat bildirdi.
Murojaatda talabalar Toshkent tibbiyot akademiyasidagi barcha talabalar an’anaviy tarzda o‘qishga majburlanayotganini aytib, bu masala bo‘yicha kimga murojaat qilish haqida so‘rashgan.
“Talabalar oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga murojaat qiladi. Vazirlikda oliy ta’lim muassasalari tomonidan grafiklar yig‘ib bo‘lindi. Ma’lumotlar ishchi guruh tomonidan umumlashtirilyapti. Umumlashtirilganidan keyin xulosa qilinib, oliy ta’lim muassasalari bilan ishlanadi.
Kuni kecha vazirimiz rahbarligida oliy ta’lim muassasasi rektorlariga selektor ko‘rinishida Zoom orqali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu yerda ham alohida topshiriq berildiki, imkoniyati qanday bo‘lishidan qat’i nazar oliy ta’lim muassasiga kelib, auditoriyada o‘qiysan, degan majburiyat yo‘q”, – dedi Abduvali Xoliqov savolga javoban.