Kompress davo maqsadida qo‘yiladigan bog‘lov bo‘lib, uning ho‘l, quruq, issiq, sovuq,moyli va boshqa turlari ishlatiladi.
Isituvchi kompress chalg‘ituvchi va so‘ruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Vrach odatda bu muolajani angina va bronxitda, mushaklar og‘riganda, tomir tortishganda, surunkali otit, bo‘g‘imlar yallig‘langanda buyuradi.
Kompressning og‘riq qoldirishiga sabab shuki, issiqlik ta’siri natijasida mushaklar bo‘shashadi. Kompressni gavdaning har qanday qismi – bo‘yin, ko‘krak qafasi, qo‘l, oyoqqa qo‘yish mumkin. Biroq bunda teri tirnalmagan, shilinmagan bo‘lishi, shuningdek, bemorda teri kasalliklari, xususan, yiringli yaralar bo‘lmasligi kerak.
Kompress qilish uchun bir bo‘lak doka, paxmoq yoki namni o‘ziga yaxshi singdiradigan boshqa biror gazlama kerak. Uni bir necha qavat buklab, xona haroratidagi (18-20 daraja) suvga botiring. Siqib tashlab, og‘riyotgan joyga qo‘yasiz. Ustidan nam gazlamadan 2-3 sm kattaroq plyonka yoki mum qog‘oz yoping va bir qavat paxta qo‘ying. Paxta plyonkadan bir necha santimetr kengroq bo‘lsin. Keyin kompressni bemor tomirlarini siqmaydigan va harakatlanishga xalaqit bermaydigan qilib bog‘lang. Kompressni 6 soatdan 12 soatgacha tutib turish tavsiya etiladi. Shuning uchun uni, yaxshisi, uyqudan oldin qo‘yish kerak.
Agar kompress to‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lsa, ho‘l dokani teridan olganingizda u nam va iliq bo‘ladi.
Har safar kompressni olganingizdan keyin teriga suv bilan teng miqdorda aralashtirilgan spirt, odekolon surting. So‘ng terini sochiq bilan quriting.
Sovuq kompress
Sovuq kompress miyaga qon quyilib kelishi bilan kechadigan bosh og‘rig‘ida, isitma juda baland bo‘lganida tavsiya etiladi. Shuningdek, yangi ko‘karashda, lat yeganda, burun qonaganda yaxshi ta’sir etadi. Matoni sovuq suv bilan ho‘llash yoki muz qo‘yish qon tomirlarni toraytirib, to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishi kamayadi. Bu esa o‘z navbatida og‘riqni yo‘qotadi.
Sovuq kompress quyidagicha tayyorlanadi: bir bo‘lak doka, gazlama yoki sochiqni bir necha qavat qilib taxlang va sovuq suvda ho‘llang. Suvga muz solinsa, yana yaxshi. Dokani sal siqib jarohatlangan yerga qo‘ying. Ho‘l gazlama tezda isib, suvi bug‘lana boshlaydi. Shu sabab har 2-3 daqiqada kompressni almashlash zarur. Sochiq yoki doka 2 ta bo‘lsa, galma-gal birini olib, ikkinchisini ishlatish mumkin. Muolaja og‘riq qolmagunicha yoki burundan qon ketishi to‘xtamagunicha o‘rtacha 1 soat, ba’zida undan uzoqroq davom etadi.
Issiq kompress
Issiq kompress qon tomirlarini tezda kengaytiradi va qon aylanishini oshiradi. Bu og‘riq va shishishni kamaytiradi, mushaklarning spazmini yengillashtiradi.
Qanday qilish kerak: Yumshoq matoni bir necha qatlamlarga o‘rang, issiq suv bilan namlang (60-70 ° C), siqib oling va zararlangan joyga qo‘llang. Plyonka va paxta momig‘i bilan yoping. 10 daqiqadan keyin matoni yana issiq suv bilan namlash kerak.
Dorivor kompress
Dorivor kompress- suvga kamfora yog‘i, mentol yoki menovazin qo‘shib tayyorlangan malham odatdagidan ko‘ra, yanada kuchli shifobaxsh ta’sirga ega.
Yarim litr suvda 2 osh qoshiq kamfor yog‘i solingan dorivor kompress anginaga, o‘rta quloq yallig‘lanishiga yaxshi yordam beradi
“Dori-Darmon” AK Axborot xizmati