Bugun, 25 fevral kuni O‘zbekistonning 9 ta viloyatida kuchli shamol esishi, chang-to‘zon kuzatilishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, bugun kunduz kuni Xorazm, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 metr/sekundgacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 20-23 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida kechga tomon shamol tezligi 12-15 metr/sekundgacha kuchayadi, chang-to‘zonlar kuzatilishi ehtimoli bor.
Prognozlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, shimolda ham yomg‘ir, qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida esa kechga tomon ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 18-23 daraja iliq, shimolda 0-5 daraja iliq bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tuman tushishi kutilmoqda. Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor. Shuningdek, sel-suv toshqin hodisalari ham yuzaga kelishi mumkin.