Bugun 22 oktyabr, 2024 yil, seshanba

КИР

O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni ortib bormoqda

A A A
O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni ortib bormoqda

O‘zbekistonning turizm sohasida chet el fuqarolari orasida tobora ommalashib borayotganini quyidagi raqamlardan ham ko‘rish mumkin. Ko‘pgina mamlakatlardan kelayotgan (rasmiy deklarasiyadan o‘tganlar) sayyohlar soni 2015 yildan 2023 yilgacha sezilarli darajada oshgan. Xususan, qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlar orasida sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Markaziy Osiyo davlatlaridan turistik maqsadlarda kelayotgan sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshib bormoqda. O‘z navbatida qo‘shni mamlakatlar orasida o‘zaro do‘stona aloqalar yanada mustaxkamlanayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Tojikiston: 2015 yilda Tojikistondan kelgan sayyohlar sonii 212 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 10 barobar oshib 2 155 ming nafarga yetgan. Bu O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi yaqin aloqalar va chegaradosh hududlarning sayohat uchun qulayligi bilan izohlanadi.

Qirg‘iziston va Qozog‘iston: Qirg‘iziston va Qozog‘istondan keluvchilar soni ham katta miqdorda oshgan. 2015 yilda Qirg‘izistondan 139 ming nafar sayyoh kelgan bo‘lsa, 2023 yilda bu raqam 1 757 ming nafarga yetgan. Qozog‘istondan kelganlar esa 1250 ming nafardan 1 333 ming nafargacha o‘sgan.

Rossiya: 2015 yilda Rossiyadan 113 ming nafar sayyoh kelgan, 2023 yilda esa bu raqam 714 ming nafarni tashkil etgan. Rossiya O‘zbekistonning yirik hamkori hisoblanadi va bu o‘z navbatida turistik oqimga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Turkiya: Turkiyadan keluvchilar soni 2015 yilda 36 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 106 ming nafarga yetgan. O‘zbekistonga kelayotgan turk sayyohlarining soni izchil ravishda oshib bormoqda.

Evropa mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar soni ham asta-sekin oshib bormoqda. Masalan, Germaniyadan kelganlar soni 2015 yilda 5 529 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 29 608 nafarga yetgan. Belgiyadan kelganlar soni 2015 yilda 67 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 3 134 nafarga yetgan.

«Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda sayohat qilish oson bo‘lmagan. Kirish vizasini olish uzoq va murakkab jarayon edi. Buning ustiga sayohatchilar har kecha mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tishlari kerak edi. Bu mamlakatni kashf qilishni istagan ko‘plab sayohatchilarni to‘xtatdi. Endi bunday emas va viza jarayoni ancha osonlashdi.

O‘zbekiston, ayniqsa odamlari, arxitekturasi va landshaftlari bilan o‘zini odamga jalb qiladi. Ushbu Markaziy Osiyo manzilining sehrli jozibasi shundaki, siz tarixiy saboqni ochiq havoda sarguzasht bilan to‘ldirishingiz mumkin», deb yozmoqda belgiyalik sayohatchi Sintiya Bil.

Boshqa mamlakatlar: Malayziya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan kelganlar sonida ham o‘sish kuzatilmoqda. Bu mamlakatlar bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy va turistik aloqalar mustahkamlanib bormoqda.

Ushbu raqamlar O‘zbekistonning jahon turizm bozoridagi o‘rni mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, qo‘shni davlatlardan keluvchi sayyohlar soni keskin o‘sgan, bu esa mamlakatga turistik infratuzilmani rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, g‘arbiy davlatlardan keluvchilar soni ham izchil o‘sayotgani, O‘zbekistonning madaniy merosi va turizm imkoniyatlari xalqaro miqyosda qiziqish uyg‘otayotganidan dalolat beradi.

Progressiv islohotlar markazi Media va axborot yetkazish bo‘limi

Kiritildi: Bugun 15:19. O'qildi: 505 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!