Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suyunchi puli belgilangan miqdordan kam berilayotgani haqidagi xabarlarga “Xalq banki” matbuot xizmati raddiya berdi. Bank ma’lum qilishicha, bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa — suyunchi puli belgilangan miqdordan kam berilayotgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Suyunchi puli prezident farmoniga muvofiq, eng kam mehnat haqqining 70,3 foizi sifatida belgilanadi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 271 000 so‘m etib belgilangan, shu sababli suyunchi puli 893 513 so‘m miqdorida to‘lab berilmoqda. Mazkur nafaqa Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tayinlanadi va moliyalashtiriladi, “Xalq banki” esa ushbu mablag‘larni aholiga yetkazib beradi. Fuqarolar nafaqani bankning ilovasi orqali mustaqil ravishda ham olishi mumkin.
Bank ta’kidlashicha, nafaqa miqdorini belgilash yoki o‘zgartirish “Xalq banki”ning vakolati doirasida emas. Ilovaning yangilanishi yoki yangilanmasligi bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa miqdoriga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Shu bilan birga, 1 avgustgacha tug‘ilgan farzandlar uchun suyunchi puli 811 365 so‘m, 1 avgustdan keyin tug‘ilganlar uchun esa 893 513 so‘m qilib to‘lanadi.
Statistikaga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida O‘zbekistonda 32 184 ming nafar fuqaroga bir martalik nafaqa to‘lovlari amalga oshirildi. Shundan 19 702 nafar fuqaroga 15,9 mlrd so‘m miqdorida yangi tug‘ilgan farzand uchun suyunchi puli, 12 482 nafar fuqaroga 21,3 mlrd so‘m miqdorida dafn etish nafaqasi berilgan. May oyiga nisbatan bir oyda nafaqa to‘lovlarida ortish kuzatilgan.