O‘zbekistonda SOVID-19 ning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlangani yo‘q va u salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydi.
Shu kunlarda xalqaro va mahalliy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari bo‘ylab SOVID-19ning XEC nomli yangi shtammi tarqalayotgani, u kelgusi oylarda dominant variantga aylanishi mumkinligi haqida xabarlar e’lon qilinmoqda.
Xo‘sh, koronavirusning mazkur mutasiyasi qanchalik xavfli? U qanday belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda? Bu kasallikka qarshi qaysi usullarda kurashish lozim? XEC shtammi O‘zbekistonda aniqlandimi?
SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovdan shu kabi savollarga javob oldi.
— Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, SOVID-19ning XEC versiyasi “omikron” shtammining KS.1.1 hamda KP.3.3 variantlari kombinasisi sifatida paydo bo‘lgan va ilk bor shu yil 15 iyunda Germaniyada aniqlangan, — deydi mutaxassis. — Hozirgacha u 27 mamlakatda ro‘yxatga olindi.
— Ma’lumki, bugungi kunda dunyo bo‘ylab “omikron” shtammining 10 ta versiyasi "aylanib yuribdi". Mutaxassislar kelayotgan qish mavsumida XEC versiyasi dominant, ya’ni eng ko‘p qayd etiladigan variant bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Aytish joizki, bu kasallik yengil va asoratsiz, aniqrog‘i O‘RVI va grippga xos belgilar bilan kechmoqda. Faqat ayrim farqli alomatlari bor. Yengil nafas qisishi, davomli yo‘tal, ta’m va hid bilish qobiliyati qisman yo‘qolishi, holsizlik kabi simptomlar shular jumlasidan.
Koronavirusga qarshi qo‘llanib kelinayotgan vaksinalar hozir aniqlanayotgan barcha shtammlar, xususan, XEC mutasiyasiga nisbatan ham samara beradi va yangi emlash vositasini ishlab chiqarishga ehtiyoj yo‘q, deb ayta olamiz.
Qolaversa, xalqaro tibbiy amaliyotda XEC shtammini yuqtirgan bemorlar asosan bir-ikki haftada to‘liq tuzalib ketishi kuzatilmoqda. Amaldagi davolash protokollari, muolaja usullari kutilganidek natija beryapti.
Hozir O‘zbekistonda XEC shtammi qayd etilgani yo‘q. O‘z navbatida, SOVID-19ga qarshi yetarli vaksinalar zaxirasiga egamiz. Shu bois yurtimizda katta miqyosdagi epidemiya va pandemiyalar kuzalitilishi ehtimoldan yiroq. Negaki, aholimizda mavjud bo‘lgan jamoaviy immunitet mazkur kasallik qo‘zg‘atuvchisini mamlakatimiz hududiga kirib kelib, juda keng ko‘lamda tarqalish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Ayni kungacha jahonda SARS-CoV-2 ning salkam 40 mingta mutasiyasi qayd etilgan. O‘tgan davrda ulardan faqat 20 ga yaqini kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutasiyalardan vahima yasash kerak emas.
Binobarin, endilikda koronavirus infeksiyasiga og‘ir yo‘qotishlarni keltirib chiqaradigan xavfli patologiya emas, balki O‘RVI va gripp singari mavsumiy kasalliklar singari munosabatda bo‘lish vaqti keldi.