O‘zbekistonda kam ta’minlangan oila a’zolariga ishlash uchun xorijga chiqayotganda mikroqarzlar beriladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan «Ijtimoiy himoya yagona reestri axborot tizimi»ga kiritilgan kam ta’minlangan oila a’zosi tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqayotganda ularga mikroqarzlar berish tartibi joriy qilinadi.
Mikroqarzlar xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 million so‘mgacha miqdorda 1 yil muddatga beriladi.
Mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi kompensasiya qilinadi.