Bugun, 26 sentyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni.
Dunyoda kechayotgan murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekiston Respublikasini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishda, xalqaro munosabatlarda milliy manfaatlarimizni ta’minlashda Davlat xavfsizlik xizmatining munosib hissasi bor.
Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
Buni amalda ta’minlash uchun Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari zarur kuch va vositalar bilan ta’minlangan. Muhimi, sohaning tubdan isloh qilingani natijasida mazkur xizmatda Vatan himoyasiga ishonchli qalqon bo‘lishga qodir xodimlar xizmat olib bormoqda.
Bugun ana shunday fidoyilarning kasb bayrami!
2021 yil 14 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun bilan 26 sentyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni, etib belgilandi.
Bu kun qanday tarixga ega? 1991 yil 26 sentyabrdagi PF–265-sonli farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik boshqarmasi tuzilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirish zarurligiga to‘xtaldi.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi o‘tkazildi. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalar qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytarildi.
Aynan ushbu jarayonda, shu bilan birga, jamiyat muhitini sog‘lomlashtirish, diniy nizolarga yo‘l qo‘ymaslik, terrorizm va ekstremizmning oldini olish, giyohvand moddalar noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha DXX xodimlari keng ko‘lamli amaliy ishlarni ro‘yobga chiqarmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining barcha sa’y-harakatlari xalqimiz osoyishtaligini saqlash, tinchlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlarga qarshi turishga qaratilgan.