Bugun 17 sentyabr, 2024 yil, seshanba

КИР

O‘zbekistonda davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda

O‘zbekistonda davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda

Senat yalpi majlisida “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda amalda davlat mulkidan samarali foydalanmaslik va uni ijaraga berish tartibini buzish bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olishga qaratilgan choralarni takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Shu bois senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, unga ko‘ra davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan davlat mulkini qabul qilib olishi, uning hududiga kirishi va foydalanishiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish yoki ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirib ko‘rsatgan holda ijaraga berganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga asos bo‘ladi.

Ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Senatorlar ushbu qonun davlat mulkidan samarali foydalanilishini, ijaraga oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Kiritildi: 16:35 18.05.2024. O'qildi: 1028 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!