O‘zbekistonda 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida ayrim yirik tovar guruhlari importi sezilarli o‘sdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar–avgust oylarida mamlakatga jami 34,5 milliard dollarlik tovar va xizmat import qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,3 foiz ko‘p.
Eng katta o‘sishlardan biri rangli metallar importida kuzatildi. Ularning umumiy qiymati 708,3 million dollarga yetib, yillik hisobda 75 foizga oshgan.
Avtomobillar importi ham yuqori sur’atda o‘sib, 2,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 30 foizlik o‘sish degani.
Elektr mashinalari, apparatlar va boshqa elektr jihozlariga sarflangan mablag‘ 1,8 milliard dollarga yetgan. Mazkur yo‘nalishda import hajmi qariyb 30 foizga ko‘paygan.
Don va don mahsulotlari importi 967,4 million dollarga chiqib, 58,9 foiz o‘sdi.
Suyultirilgan gaz — propan importida esa yanada katta o‘sish qayd etildi. Sakkiz oy davomida 124,3 million dollarlik propan olib kirilgan bo‘lib, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 3,5 barobar ko‘p.
Umumiy import tarkibida mashina va transport uskunalari 32,6 foiz bilan eng katta ulushni egallagan. Sanoat tovarlari hissasi 14,7 foiz, kimyoviy mahsulotlarniki esa 12,1 foizni tashkil etgan.
O‘zbekiston yanvar–avgust oylarida 160 dan ortiq davlatdan tovar va xizmatlar import qilgan. Asosiy yetkazib beruvchilar orasida Xitoy 32,4 foiz bilan birinchi, Rossiya 17,4 foiz bilan ikkinchi, Qozog‘iston esa 7,9 foiz bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan.