O‘zbekistonda 9 oyda ish haqi va nafaqa pullarining 5,2 milliard so‘mi talon–toroj qilingani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov 18 oktyabr kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yanvar—sentyabr oylari davomida bunday holatlar ortidan 63 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aholi bandligini ta’minlash sohasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 1 ming 198 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi, 61 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 8 ming 573 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi. 366 nafar ishchi-xizmatchilarning kechiktirilgan 2,4 milliard so‘m ish haqi undirib berilishi ta’minlandi.
Bevosita prokurorlar tashabbusi bilan 631 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 9 ming 371 nafar ishsiz fuqarolar ishga joylashtirildi.
O‘zbekistonda 1 oktyabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 155 000 so‘m etib belgilandi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya – 834 ming so‘m, nogironlik pensiyalari, jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa – 920 ming so‘m.