Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklamalarning O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiqligi ustidan monitoring ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Qo‘mita tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 110 nafar bloger ro‘yxati shakllantirilib, ularning sahifalarida joylashtirilayotgan reklama materiallari kunlik tartibda monitoring qilib borilmoqda.
Monitoring natijalariga ko‘ra, 12 nafar bloger tomonidan reklama qonunchiligi talablariga zid bo‘lgan reklama axborotlari joylashtirilgani aniqlandi. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, respublikada keng jamoatchilikka tanilgan qo‘shiqchilar, aktyor va aktrisalar hamda sportchilarning ro‘yxati shakllantirilib, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamaga oid chiqishlari ham muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Reklama qonunchiligi talablariga rioya etish — barcha uchun majburiy!
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilar, shu jumladan, blogerlar hamda mashhur shaxslarni reklama materiallarini joylashtirishda «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablariga qat’iy amal qilishga chaqiradi.
Reklamada haqqoniylik va ishonchlilikni ta’minlash, iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki ularda tovar va xizmatlar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otuvchi axborotlarni tarqatmaslik har bir reklama ishtirokchisining muhim mas’uliyati hisoblanadi.
Qonunchilik talablarini bilmaslik yoki ularga e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lish javobgarlikdan ozod etmaydi. Reklama qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llaniladi.
Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklamalar ustidan monitoringni yanada kuchaytirib, qonunbuzilish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda reklama bozorida qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan choralarni izchil davom ettiradi.