Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston va SHHT: ko‘ptomonlama hamkorlikning yangi qamrovi

O‘zbekiston va SHHT: ko‘ptomonlama hamkorlikning yangi qamrovi

O‘zbekiston Davlat mustaqilligining 30-yilligi arafasida mamlakatimizning barcha sohalarida islohotlarning jadal sur’atlarda amalga oshirilishi, yangi g‘oyalarning, jumladan rivojlanish istiqbollini belgilashning yangi usullari va shakllanishini guvohi bo‘lmoqdamiz.

Amalga oshirilayotgan islohotlar, bir tomondan, ijtimoiy yo‘naltirilganligi, ko‘lami, qamrovi, sur’ati bilan oldingilardan keskin farq qilsa, ikkinchi tomondan - xalqaro munosobatlarning jiddiy transformasiyasi, ana’naviy va yangi kuch markazlari o‘rtasidagi taranglikning ortib borishi, ayniqsa pandemiya tufayli jahon siyosatdagi ziddiyatlarning yangi shakllalari vujudga kelayotgan murakkab bir sharoitida olib borilmoqda. Aytish mumkinki, bunday sharoitda ichki va tashqi siyosatning uygunligini ta’minlash, milliy manfaatlarni tez sur’atlarda o‘zgarayotgan reallikka moslab borish borish – O‘zbekiston tashqi siyosatida turgan ustuvor masalalardan biri. Ushbu vazifani izchil va samarali yechish esa uni “mintaqadagi mas’ul davlat” maqomiga yetaklab, xalqaro maydondagi nufuzining ortib borishi uchun xizmat qilmoqda.

Ushbu tashqi siyosiy maqsadni hayotga tadbiq etishning serunum vositalaridan biri – zamonaviy xalqaro munosabatlardagi mavjud ko‘ptomonlama diplomatiyaning keng imkoniyatlarini samarali safarbar qilish. Bu yil 20 yilni qarshilagan Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan ana shunday muhim diplomatik platformadir.

O‘zbekistonda kuzatilayotgan jiddiy modernizasiya va islohotlar jarayoni mamlakat tashqi siyosatida, shu jumladan, uning SHHT doirasidagi faoliyatida ham yangi davrni boshlab berdi, deyish mumkin. Mamlakatimiz yangi tashqi siyosiy faoliyat strategiyasining muhim tamoyillari - tashabbuskorlik, pragmatizm va ochiqlik – uning ushbu tuzilmadagi ishtirokida ham o‘z aksini topmoqda. SHHTning Ostona (2017 yil), Sindao (2018 yil), Bishkek (2019 yil) va Moskva (2020 yil) sammitlarida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar buning tasdig‘i bo‘la oladi.

Xususan, O‘zbekiston Respubliki Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning 2020 yildagi SHHT sammitidagi dasturiy nutqida milliy manfaatlarimizga tayangan holda, xalqaro munosobatlarda koronovirus tufayli vujudga kelgan va kelayotgan yangi tendensiyalarni inobatga oluvchi strategik takliflarni ilgari surgan edi. Darhaqiqat, keyingi salkam ikki yil ichida pandemiya xalqaro munosabatlarda kechayotgan fundamental o‘zgarishlarni yanada keskinlashtirib yubordi, davlatlar va xalqaro tashkilotlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Buni chuqur anglash va tegishli xulosalar qilishi hali davom etayotgan jarayon.

Shunday bir sharoitda O‘zbekiston yetakchisi “SHHT har birimiz kuchli bo‘lgan taqdirdagina kuchli bo‘ladi” – degan jiddiy mulohazalarga undovchi fikrni o‘rtaga tashladi. Qolaversa, davlatimiz rahbari davom etayotgan murakkab sharoitda tashkilot qanday vazifalarni belgilab olishi va ularga qanday erishish xususida ham aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchidan, ma’lumki, inqiroz davrida milliy bozorlarni himoya qilish va ularni salbiy oqibatlardan saqlash maqsadida mamlakatlar turli xil to‘siqlar va ta’qiqlarni joriy etmoqda. Bunday choralar qisqa davr uchun samarali bo‘lishi mumkin, ammo uzoq muddatli istiqbol uchun - ham milliy, ham jahon iqtisodiyoti uchun tizginlovchi omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbarining asosiy tezisi tizginlovchi omillarni bekor qilishga va SHHTga a’zo mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga turtki berishga qaratilgan. Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalarni va ishlab chiqarish kooperasiyasini jonlantirish choralari taklif qilindi. Ushbu maqsadlarga erishish mexanizmi sifatida o‘zaro savdoda to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona taomillarini soddalashtirish, mamlakatlar o‘rtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish va o‘zaro investisiyalarni rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi.

Ikkinchidan, SHHT doirasida aholi salomatligiga yangi tahdidlar va xavflarga qarshi kurash bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirish taklifi ilgari surildi. Pandemiya sog‘liqni saqlash tizimi milliy sarhadlarda cheklanib qolmasligi, aksincha mintaqaviy va global miqyosda kelishilgan yondashuv va hamkorlikka ob’ektiv ehtiyoj ekanligini aniq-ravshan namoyon qildi. Afsuski, bu jarayonlar sekin kechmoqda, pandemiya atrofidagi vaziyat yetakchi kuch markazlari o‘rtasida an’anaviy ziddiyatlar bilan qorishib ketishi kuzatilmoqda. Lekin, bu – bunday chegara bilmas muammoning yechimsiz qolishishi kerak, degani emas.

Shu nuqtai-nazardan Prezident SH.M.Mirziyoyevning sog‘liqni saqlash tizimiga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi to‘g‘risida axborot almashinuvi tizimini yaratish, SHHT mamlakatlari turdosh klinikalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, hamda epidemiyani keltirib chiqaradigan kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha tibbiy muassasalarning keng tarmog‘ini shakllantirish haqidagi taklifi dolzarb va zamon bilan hamnafasdir. Yuqumli kasalliklar diagnostikasi, profilaktikasi va ularni davolash sohasida tajriba almashishga yo‘naltirilgan qo‘shma xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shifokorlarning qo‘shma otryadlari faoliyatini va ularni tayyorlashni tashkil qilish bo‘yicha aniq takliflar ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu choralar butun dunyo uchun yangi bo‘lib, nafaqat SHHT ga a’zo mamlakatlar, balki boshqa mamlakatlar manfaatlariga ham javob beradi.

Uchinchidan, raqamlashtirish transformasiyasi kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Joiz bo‘lsa, bu – globallashuvda sifat jihatdan yangi trendni boshlab bermoqda. Ayniqsa pandemiya sharoitida raqamli texnologiyalar dunyodagi barcha mamlakatlarning taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim omilga aylanmoqda.

  • etakchisi ushbu mavzuni SHHT kun tartibidan qat’iy joy olish kerakligini qayd etarkan, aholining keng qatlamlarini raqamli savodxonlikka o‘qitish va ushbu mutaxassislik bo‘yicha kadrlarni tayyorlash bo‘yicha kelishilgan o‘quv rejalarini yaratish taklif qilinmoqda. Nega yirik qo‘shma loyihalar emas, raqamli savodxonlikdan boshlash joiz, degan tug‘ilishi mumkin. Katta maqsad sari yo‘l – kichik qadamlardan boshlanadi. Qolaversa, global raqamlashish – munozarali masala bo‘lib qolmoqda. Afsuski, xalqaro miqyosda bu sohada hamkorlikdan ko‘ra raqobat ko‘proq kuzatilmoqda. Bunday bir sharoitda raqamli savodxonlikni izchil oshirish va bu tarmoqda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash orqali ushbu yo‘nalishdagi eng asosiy muammo – rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi ortib borayotgan tafovutni qisqartirish yo‘lida kichik, o‘ta kerakli qadam ekanligi shubhasiz.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘zgarayotgan mintaqaviy va xalqaro sharoitga qaramasdan, SHHT tashkil topgan ilk davrdagi asosiy ustuvor vazifa – Markaziy Osiyoda barqaorlik va xavfsizlikni ta’minlash yangicha dolzarb ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi. Bu xatarlar o‘zgarmoqda, yangicha tus olmoqdayu «…Hozirgi sharoitda terrorchilik, ekstremizm va narkobiznes tahdidlari susaygani yo‘q, aksincha kuchaymoqda va yangi shakllarda namoyon bo‘lmoqda» - dedi xususan mamlakatimiz yetakchi Moskva sammiti davomida. Bundan tashqari, yoshlarning radikallashuvida, terrorchilarni moliyalashda axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlarning roli ortib bormoqda va bu tashkilot oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Darhaqiqat, 20 yil avval ta’sis etilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining muhim doktrinial asoslarini “uch yovuzlik”ka qarshi kurash konsepsiyasi tashkil etgan va bu borada tuzilma erishgan yutuqlar shubhasiz. Lekin, o‘tgan davr ichida mintaqa va uning atrofida vaziyat jiddiy o‘zgardi va bu jarayon davom etmoqda. Shunday bir sharoitda, Prezident SH.M.Mirziyoyev tomonidan tashkilotni o‘zgarib borayotgan xavfsizlik sohasiga moslashtirish, vakolatli idoralarning ishchi aloqalarini jonlantirish, bu borada ta’sir ko‘rsatishning yangi mexanizmlarini joriy qilish xususidagi fikrlari katta ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, yaqin orada AQSh va NATO harbiy qismlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalalarining qaytadan SHHT kun tartibidagi ustuvor masalalardan biri sifatida qo‘ymoqda. Vashingtonda bu haqda hali qaror qabul qilinmasdan oldin, SHHTning o‘tgan yilgi sammitida O‘zbekiston yetakchisi “…bugungi kunda Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchlikni asrash bo‘yicha tarixiy imkoniyatni saqlash har qachongidan ham muhimdir” – deb bayon qilgandi. Shu maqsadga erishish uchun “SHHT-Afg‘oniston” muloqot guruhining kelgusi xatti-harakatlariga oid “Yo‘l xaritasi” doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish taklifi ilgari surildi.

Shuni alohida ta’kiddlash kerakki, rasmiy Toshkent Shanhay hamkorlik tashkiloti doirasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi mavjud salohiyatdan unumli foydalanish masalasiga doimiy ravishda e’tibor qaratib keladi. Prezident SH.Mirziyevning yangi - “SHHT-Afg‘oniston” Muloqot guruhining 2019 ilda qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ni aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish tashabbusi – O‘zbekistonning ushbu muammoga nisbatan pragmatik yondashuvining yana bir tantanasi. So‘z aniq ishlar – qirq yildan ortiq urush sabab azob chekayotgan Afg‘oniston iqtisodiyotining tiklanishiga, ushbu mamlakat aholisining farovonligini oshirish uchun xizmat qiluvchi infrastruktura tizimlarini shakllantirish, SHHTga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish xususida.

Beshinchidan, SHHT doirasida Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarga tobora keng jalb etish O‘zbekistonning ushbu tashkilotdagi yana bir ustuvor yondashuvi – Markaziy Osiyo va uning atrofida transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liklikni kuchaytirish uchun muhim geosiyosiy shart-sharoitlarini yaratib berishi aniq. Shak-shubhasiz, Afg‘onistondagi tinch taraqqiyot – mazkur jumboqning shartli yechimlaridan biri.

Shu ma’noda o‘zgarib borayotgan xalqaro va mintaqaviy vaziyatda SHHTning O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik va ustuvor yo‘nalishi – Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, serqirrali va o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mavjud muammolarni izchil ravishda bartaraf etish uchun qulay platforma sifatidagi rolining ortib borishi kutilmoqda.

S.Jo‘rayev, Toshkent Davlat Sharqshunoslik Universiteti professori.

R.Nurembetov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i.

S.Ubaydullayeva, Toshkent Davlat Sharqshunoslik Universiteti o‘qituvchisi.

Kiritildi: 17:59 02.07.2021. O'qildi: 2458 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!