Bugun 12 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston Superligasi bahsi davom etayotgan bir paytda uchrashuv komissari ichki ishlar bo‘limiga olib ketildi

O‘zbekiston Superligasi bahsi davom etayotgan bir paytda uchrashuv komissari ichki ishlar bo‘limiga olib ketildi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superliga 21-turi doirasida “Lokomotiv” — “Bunyodkor” uchrashuvining ikkinchi bo‘limi kech boshlangani yuzasidan rasmiy axborot berdi.

“Superliga 21-turidan o‘rin olgan “Lokomotiv” — “Bunyodkor” bahsining 2-taymi belgilangan vaqtdan 32 daqiqa kech boshlandi. Sababi uchrashuv uchun javobgar bo‘lgan Liga komissarining telefoni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan va uning o‘zi ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Ligaga ma’lum bo‘lishicha, “Bunyodkor” klubi rasmiysi hamda IIB xodimi o‘rtasida bahsli vaziyat yuzaga kelgan. Oqibatda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra, Superliga o‘yinida faoliyat olib borayotgan VAR mashinasi hamda stadion hududida bo‘lgan uchrashuv rasmiylariga qarashli avtomashinalarni majburiy ravishda stadion avtoturargohidan olib chiqish uchun evakuator jalb etilgan. Shundan keyin Liga komissari bunday holatda uchrashuvni davom ettirib bo‘lmasligini tushuntirishga uringan vaqtida uning telefoni olib qo‘yilib, komissar go‘yoki ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmagani ro‘kach qilinib, u stadiondan olib chiqilgan”, deyiladi PFL xabarida.

Assosiasiya hamda Liga rahbariyatining sa’y-harakati evaziga komissar stadionga yetib kelgan. Bu vaqt davomida uchrashuv hakamlari ikkinchi bo‘limga chiqmagan.

“Endilikda Liga komissar bildirgisi asosida mazkur ishni o‘rganib chiqadi. Shuningdek, “Do‘stlik” stadioni, “Lokomotiv” va “Bunyodkor” klubi rasmiylari ham bu borada o‘z pozisiyasini taqdim etadi. Shundan so‘ng Liga ichki ishlar organi xodimlariga huquqiy baho berilishini so‘rab yuqori turuvchi tashkilotga murojaat kiritadi”, - deyiladi PFL rasmiy bayonotida.

Ma’lumot uchun, ushbu uchrashuvning 2-bo‘limi 30 daqiqalik kechikish bilan boshlangach, TV orqali translyasiya qilish maqsadida “Metallurg” — “Andijon” o‘yini ham 17:15 da emas, yarim soatlik kechikish bilan boshlandi.

Ushbu uchrashuvda “Bunyodkor” jamoasi 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Kiritildi: 21:08 19.10.2024. O'qildi: 4199 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!