Bu haqida joriy yilning 12 yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Yangi davrda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik» mavzusidagi konferensiyada Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi Yevroosiyo instituti direktori Li Szigo aitib o‘tdi.
Li Szigo o‘z nutqi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarga yuksak baho berdi. Mutaxassis Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy iqtisodiyotni isloh qilish va liberallashtirish yo‘lini tanlab, jahonda keskinlik va beqarorlik kuchayib borayotganiga qaramay, izchil yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlay olganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6 foizdan oshdi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘pdir.
Evroosiyo instituti direktorining ma’ruzasida mamlakatimizda ta’lim va madaniyat sohalarini faol rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, ular davlatimiz ijtimoiy siyosatining asosiy tarkibiy qismlaridan ekanligi hamda O‘zbekistonning uchinchi Uyg‘onish davriga kirishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.
Xitoylik ekspert O‘zbekiston so‘nggi 6 yilda ijtimoiy sohani rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishganini va bu borada o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yishda davom etayotganini ta’kidladi.
Li Ziguo so‘zi so‘nggida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyada siyosat, xavfsizlik, savdo-investision va madaniy-gumanitar sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi – Yevroosiyo mintaqasidagi mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tahlil qilish va o‘rganishga qaratilgan Xitoydagi yetakchi tadqiqot instituti. U 1989 yilda tashkil etilgan. U XXR rahbariyatiga Xitoy va Yevroosiyo makonidagi mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida axborot, maslahatlar va siyosiy tavsiyalar beradi.