Bugun 2 iyul, 2024 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida

AXBOROT

22 iyun kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatorlar o‘z ishini “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning muhokamasidan boshladi.

Bugungi islohotlar jarayonida hamda davlat va jamiyatni har tomonlama rivojlantirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning roli alohida ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham parlament hamda siyosiy partiyalarning muhim vazifalari va mas’uliyati belgilangan.

Bu jarayonlar siyosiy partiyalar faoliyatini takomillashtirish, deputatlar va senatorlarning Konstitusiyadagi vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar berilishi hamda saylovchilarning partiya bilan uzviy aloqalarni mustahkamlashni taqozo etmoqda.

Muhokama qilingan qonun bilan siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, davlat mablag‘larining siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanishi tartibini, qonunchilik palatasi deputatlarining, Senat a’zolarining va mahalliy vakillik organlari deputatlarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish asoslarini belgilashni, shuningdek, o‘z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun ularga nisbatan tartibga solish choralarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun bilan jamiyat uchun muhim bo‘lgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar qabul qilinishida hamda jamiyatning rivojlanishiga qaratilgan muhim masalalar yechimida deputat va senatorlarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar kiritilmoqda. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunda deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari kuchaytirilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq:

deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda;

tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;

chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;

partiya ro‘yxati asosida saylangan deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya a’zoligidan chiqqan taqdirda deputat yoki senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, deputat yoki senator tomonidan o‘z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun bir qator choralar belgilanmoqda. Xususan, ogohlantirish, tegishli majlislarda uzr so‘rashni talab qilish yo‘l qo‘yilganligi faktini palata majlisida o‘qib eshittirish, ish haqidan ushlab qolish va deputat yoki senator vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi choralar qo‘llanishi belgilanmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi siyosiy partiyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga hamda mustahkamlashga, deputatlar va senatorlarning o‘z vazifalarini bajarishda, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishda, shuningdek, ularning daxlsizlik huquqini to‘liq ta’minlashda shaxsiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, parlament a’zolari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosi haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, hududning investisiyalar jalb etuvchanligini oshirish, aholi turmush farovonligini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar tahlil qilindi.

Qoraqalpog‘istonda aholi bandligini ta’minlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qulay agrobiznes muhitini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bunda albatta so‘nggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan mintaqada yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilayotgan jiddiy e’tibor, hududni rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlarning alohida o‘rni bor. Oliy Majlis Senati tomonidan esa ularning ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazorati olib borilmoqda.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq 2020-2023 yillarda umumiy qiymati 11, 2 trillion so‘mlik 1 359 ta investisiya loyihasi ishga tushirilib, 16 060 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Prezidentimizning 2021 yil 29 iyulda “BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyusiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2021-2024 yillarda Orolbo‘yi mintaqasida iqtisodiyot tarmoqlarida resurstejovchi, zamonaviy innovasion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va innovasion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha 71 ta tadbirni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” hamda 65 ta ustuvor innovasion loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan.

“Yo‘l xaritasi”dagi 71 ta tadbirdan 65 tasi hamda 65 ta ustuvor innovasion loyihadan 53 tasi bajarilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Mo‘ynoq tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator soliq imtiyozlari berilishi natijasida 2024 yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra 296 ta korxona ixtiyorida 1,5 milliard so‘m qoldirilgan.

Bundan tashqari, 2024 yilning birinchi choragida 12 867 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 30,1 milliard so‘m soliq imtiyozlaridan foydalanilgan.

Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 9 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan hududda 2024 yilda 120 mingdan ortiq aholining doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda bandligini ta’minlash, qiymati, 6,5 trillion so‘mlik 421 ta investisiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, aholini biznesga jalb qilish, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish, aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, noruda foydali qazilma konlari va uchastkalaridan foydalanish huquqini auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha manzilli dasturlar tasdiqlangan.

Muhokama yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi hamda Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ishlar holati muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda qator ijobiy natijalarga erishilgan.

Xususan, mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 2023 yil boshidan 783,3 mingta xonadon xatlovdan o‘tkazilgan, daromad topishga harakat qilayotgan va istagida bo‘lgan 298 ta xonadon chorvachilik va parrandachilik, 331 tasi savdo va xizmat, 264 tasi dehqonchilik va issiqxona, 123 tasi bog‘dorchilik, 34 tasi kichik ishlab chiqarish, 10 tasi hunarmandchilik va 66 tasi boshqa yo‘nalishlarda aholi daromadlarini oshirish choralari ko‘rilgan.

Hokim yordamchilari bilan birgalikda jami 423 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. “Onlayn mahalla” platformasida 5441 ta mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida loyiha qiymati 1 270 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 23507 nafar fuqaro ishli bo‘lgan.

Ixtisoslashgan mahallalarga yaqin hududlarda 44 ta mikromarkaz tashkil etilib, 507 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjudligiga e’tibor qaratildi.

Viloyatda 2024 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining soni 2023 yilga nisbatan 10,5 mingtaga kamaygan. Ishchi sonini umuman ko‘rsatmagan korxonalarning 322 tasida jami 518 nafar nolegal ishchilar mavjud bo‘lib, ulardan bir yilda kamida 800 million so‘m daromad solig‘i yo‘qotilgan.

Shuningdek, hokim yordamchilari tavsiyasi asosida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilgan 1,5 trillion so‘mlik kreditning 72,3 milliard so‘mi muammoli kreditga aylangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagan.

Viloyatda tadbirkorlar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishda ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, murojaatlarning 205 tasi bo‘yicha ko‘rib chiqish muddati buzilgan.

Samarqand shahrida, Pastdarg‘om, Urgut, Ishtixon, Narpay, Payariq, Bulung‘ur tumanlarida tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilishida qonun buzilishga yo‘l qo‘yilgan.

Senatorlar tomonidan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mas’ul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi hamda bu borada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sohasida mavjud talablar va tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Xususan, viloyatda hududlarning xususiyatlari, “o‘sish nuqtalari” va salohiyatini inobatga olib, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, “Onlayn mahalla” elektron platformasini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan to‘liq integrasiya qilinishini ta’minlash lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shu bilan birga, Senatning 53-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama yakunida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga asosan Muzaffar Zafarovich Kukiyevni besh yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining doimiy asosdagi a’zosi – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyasi lavozimiga, Xudoyqul Tojiyevich Azizov, Askarjon Boyisovich Gafurov va Ahrorxon Muminovich Xashimxonovni besh yillik muddatga Sudyalar oliy kengashining jamoatchilik asosidagi a’zosi lavozimiga saylashdi.

Shuningdek, Qahramon Uljayev Sudyalar oliy kengashining jamoatchilik asosidagi a’zosi lavozimidan ozod qilindi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining ellik uchinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 14 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Kiritildi: 15:29 22.06.2024. O'qildi: 455 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!