Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston – Qirg‘iziston uchrashuvini germaniyalik hakamlar boshqaradi

O‘zbekiston – Qirg‘iziston uchrashuvini germaniyalik hakamlar boshqaradi

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi jahon futbolida o‘z o‘rniga ega Germaniya futbol ittifoqi bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapti.

Xabaringiz bor, Germaniya dunyodagi futboli eng rivojlangan mamlakatlar sirasiga kiradi. Ushbu davlat futboli o‘z natijalari bilan har jabhada eng oldi o‘rinlarni egallaydi.

Futbol infratuzilmalarini yaxshilash, bolalar futboli va yosh futbolchilarni tarbiyalash tizimini yo‘lga qo‘yish, futbol sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar malakasini oshirish, hakamlik va boshqa bir qator yo‘nalishlarda Germaniya tajribasi o‘rganiladi va ikki tashkilot bu borada yaqindan ish olib boradi.

O‘zaro hamkorlikning ilk debochasi sifatida 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘rtoqlik uchrashuvini boshqarib borish uchun germaniyalik hakamlar guruhi taklif etildi. O‘yin bosh hakami xalqaro maydonda bir qator uchrashuvlarni boshqarishga ulgurgan, Rossiya yashil maydonlarida o‘tgan JCH-2018da VAR tizimi bo‘yicha faoliyat olib borgan FIFA referisi – Bastian Dankert. Unga qanotlarda hamyurtlari Yan Zaydel va Rene Rode yordam berishadi. To‘rtinchi hakam vazifasini o‘zbekistonlik Ilgiz Tantashev bajaradi.

Qayd etish joiz, O‘FA va GFI o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik futbol mutaxassislarining Germaniyada malaka oshirishi, Germaniya futboli tajribasini o‘rganishi ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘rtoqlik uchrashuvi ertaga “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin 17:00da boshlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur uchrashuv milliy terma jamoamiz uchun 14 noyabr kuni Saudiya Arabistoniga qarshi bellashuv oldidan tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.

Kiritildi: 19:45 08.11.2019. O'qildi: 2182 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!