O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga kelgach, “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurib, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari muhokama qilindi.
Harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, bugungi kunda xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakatning yetakchi mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasidagi kooperasiya aloqalarini faollashtirish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma o‘quv tadbirlarini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Transport va logistika sohasida istiqbolli infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ham kun tartibida bo‘ldi.
Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Prezidenti uchrashuv yakunida “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining ishlanmalari, jumladan, Pokistonning zamonaviy harbiy texnikasi va qurol-yarog‘ namunalari bilan tanishdi.