Bugun 17 may, 2025 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki bilan keng ko‘lamli sheriklik natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi

A A A
O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki bilan keng ko‘lamli sheriklik natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 aprel kuni Jahon banki guruhining operasiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Byerde boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

O‘zbekistonning Jahon banki bilan keng ko‘lamli strategik hamkorligini yanada rivojlantirish, eng avvalo, ushbu global moliyaviy institut tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Anna Byerde davlatimiz rahbariga Jahon banki prezidenti Ajay Banganing salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Keyingi yillarda sheriklik munosabatlari yuksak darajaga chiqib, salmoqli natijalar berayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bankning eng yirik hamkorlaridan biridir. Loyihalar portfeli 12 milliard dollardan oshdi. Jahon banki iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaning barqaror rivojini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda moliyaviy, konsultativ va texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Bank ko‘magida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar mexanizmi takomillashtirildi, ularni tayyorlashni tezlashtirish va sifatini oshirish bo‘yicha yangi tartib qabul qilindi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish, eng avvalo, turizm sohasida xotin-qizlar va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat korxonalarini transformasiya qilish va xususiylashtirish kabi yo‘nalishlar kelgusi amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Uglerod chiqindilarini qisqartirish, urbanizasiya va infratuzilmani modernizasiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, investisiya muhitini yaxshilash, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish borasidagi hamkorlik rejalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Kiritildi: 16:32 10.04.2025. O'qildi: 1105 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!