Bugun 31 oktyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston COP29da ishtirok etadi: samarali hamkorlik va yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston COP29da ishtirok etadi: samarali hamkorlik va yangi imkoniyatlar

O‘zbekistonda 2024 yilning 11–22 noyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (BMT UNFCCC) ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasiga (COP29) qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ma’lumot uchun, BMT UNFCCCga a’zo davlatlar har yili taraqqiyotni baholash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha ko‘p tomonlama chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun yig‘iladi. Bugungi kunga qadar Konvensiyaga 198 davlat qo‘shilgan.

COP29 doirasida O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘zbek madaniyati, tarixi va noyob muhiti asosidagi an’anaviy tamoyillar va texnologiyalarni aks ettiruvchi Milliy pavilyon ochiladi. An’anaviy o‘zbek xonadoni – «hovli» namunasi bo‘lgan pavilyon yillar davomida har bir o‘zbek xonadoni maskani bo‘lib kelgan hovli muhitini o‘z ichiga oladi. Bu yerda tabiat uyning bir qismiga aylanadi: uzum bilan qoplangan yashil maydonlar soya va qulaylik yaratadi, an’anaviy materiallar va qadimiy qurilish usullari esa ekologik toza va barqarorlikni o‘zida mujassam etadi.

Ikki haftalik konferensiya dasturi yuqori darajadagi yalpi majlislar, dunyo yetakchilarining iqlim bo‘yicha sammiti, Ijroiya kengashi yig‘ilishlari, muvofiqlashtiruvchi uchrashuvlar, yoshlar iqlim forumi, iqlim bo‘yicha jahon sammiti, 17-Nayrobi ish dasturi koordinatorlari forumi, moliya, sarmoya, savdo, yashil energiya, texnologiya va innovasiyalar, sog‘liqni saqlash, inson taraqqiyoti va yoshlar, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, tabiat va bioxilma-xillik, transport va turizm, gender tengligi va boshqa mavzularda davra suhbatlari va seminarlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, COP29 ko‘rgazmasida qator tashabbuslar taqdim etiladi, jumladan, Milliy pavilyon doirasida Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida 20 dan ortiq tadbirlar tashkil qilish, shuningdek, qator ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, mintaqaviy va xalqaro hamkorlar bilan shartnomalar imzolash ko‘zda tutilgan.

Milliy pavilyon doirasida quyidagi asosiy tadbirlar rejalashtirilgan:

— «Zamin» xalqaro jamoat fondi bilan birgalikda barcha qatnashuvchi davlatlar vakillari ishtirokida Xalqaro yoshlar strategiyasini imzolash rasmiy marosimi, shuningdek, ekologik ta’lim loyihalari va tashabbuslari taqdimoti;

— Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) mamlakatlari Turkiy ekologik forumi vazirlari yig‘ilishi;

— Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining qo‘shma tashabbusi sifatida rejalashtirilgan BMT Xalqaro Migrasiya Tashkilotiga (XMT) a’zo davlatlar bilan iqlim migrasiyasi deklarasiyasi (Silk Road Declaration) bo‘yicha tadbir;

— Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha ko‘p sheriklik maqsadli jamg‘armasi tadbiri. Tadbir BMTTDning O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Umuman olganda, O‘zbekiston delegasiyasi konferensiya sessiyalari va boshqa asosiy hamda yordamchi tadbirlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan.

Kiritildi: Bugun 16:08. O'qildi: 234 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!