Yurtimizda tabiiy hududlarni saqlab qolish, ularni qayta tiklash, ekologik muhitni yaxshilash, o‘simlik dunyosini, yashil maydonlarni ko‘paytirish va rivojlantirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan butun mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga tatbiq etildi. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz davrga moratoriy e’lon qilindi hamda ularni noqonuniy kesganlik yuzasidan ta’sirchan choralar belgilandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili kamida 200 million tup daraxt ekish nazarda tutilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilda jami 202,7 million tup daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich joriy yil bahor mavsumida 127,7 million tupni tashkil etgan. Ko‘chat ekish ishlari viloyat, tuman, mahallalar, ta’lim muassasalari, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlangan manzilli dasturlar asosida yo‘lga qo‘yilgan. Butun mamlakat bo‘ylab yashil maydonlar hajmini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, davlatimiz rahbarining farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ekologiya sohasida ham qator maqsad-vazifalar aks etgan. Endilikda sohadagi sa’y-harakatlar ushbu Strategiyada belgilangan vazifalar doirasida yanada izchil davom ettiriladi.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi Ravshan Begmatov quyidagilarni ta’kidladi:
— Ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlar ko‘lamini kengaytirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha alohida bandda qator vazifalar o‘z aksini topdi. Endilikda daraxt ekish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida ekilgan har bir niholni parvarish qilish va sug‘orish tizimi yaratiladi.
Strategiyada ko‘rsatilgan vazifalarga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 444 ta yashil bog‘lar barpo etiladi. Buning uchun barcha davlat idoralari, korxonalar, ta’lim muassasalarining hududida “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi. Ayniqsa, yirik sanoat korxonalari jonbozlik ko‘rsatishi nazarda tutilgan. Ya’ni, 112 ta yirik sanoat korxonasi uch yil davomida 30 million tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘”lar barpo etishi belgilangan.
O‘rmonlar maydonini kengaytirish borasida ham vazifalar ko‘zda tutilgan bo‘lib, xususan, respublikaning o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini 8,1 foizga yetkazish, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 1,9 million gektarga yetkazish, Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 200 ming gektar yashil maydonlarni barpo etish maqsad-vazifalari ifodalangan.
Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishiga qarshi chora sifatida jami 400 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi. Bu esa, o‘z navbatida, turli chang-to‘zonlar ko‘tarilishiga qarshi turishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Toshkent shahrida yashil maydonlar hududi 5 barobar ko‘paytiriladi. Barcha shahar va tuman markazlarida har 50 – 100 ming aholi uchun “jamoat parklari” tashkil etiladi. Umuman, sohadagi chora-tadbirlarni kuchaytirish evaziga respublikamizda yashillik darajasini 12,4 foizga yetkazish maqsad qilingan. Albatta, bu sa’y-harakatlar tabiatimiz, atrof-muhitimiz, ekologiyamizni asrab-avaylashda dolzarb o‘rin tutadi, — deydi deputat.
Darhaqiqat, Strategiyada ekologiya sohasiga oid belgilangan har bir maqsad-vazifa yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga, atrof-muhit musaffoligini saqlashga xizmat qiladi. Shunday ekan, bu boradagi vazifalar ijrosida har bir fuqaro shaxsiy daxldorlikni his qilgan holda faol ishtirok etishi maqsadga muvofiqdir.