Parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasida “O‘zbekiston – 2030 strategiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ertangi taraqqiyotimizga muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi, - dedi qo‘mita raisi SH.Bafoyev. – Zero, unda barcha yo‘nalishdagi muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, fuqarolik jamiyati institutlarini, mahallalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlarni moliyalashtirish jarayonlarining oshkoraligini ta’minlashga e’tibor qaratilgan.
2024 yil 1 yanvardan boshlab barcha shahar va tumanlarda bosqichma -bosqich “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi. Tashabbusli byudjet amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kengaytirish maqsadida jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 10 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Mahalla jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantiriladi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar strategiyada o‘z aksini topgan qator maqsad va vazifalar xususida to‘xtaldi. Qayd etilganidek, mahallalar uchun “Ochiq byudjet”ga ajratiladigan mablag‘lar 3 barobarga oshiriladi. Mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Har bir mahallada davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha “elektron xizmat nuqtalari” ishga tushiriladi.
Davra suhbatida strategiyaning ijrosini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.