Uyqu jismoniy va hissiy quvvatlarning ma’lum vaqt orom olishidir. Uxlash davomida inson nafaqat dam oladi, balki uyqu sababli a’zolar turli chiqindilardan tozalanadi, hujayralar yangilanadi.
Hadisi sharifda: «Qo‘llarida ovqat yuqi bilan yotib, uxlagan odamga biror kasallik yetsa, o‘zidan ko‘rsin», deyiladi. Kishi to‘shakka yotayotganida ko‘rpani va uyqu kiyimlarini qoqib tashlashi kerak. Chunki har xil hashorotlar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, o‘ringa badandan o‘lik terilar to‘kilishi ham olimlar tomonidan aniqlangan.
Uxlashdan avval tavsiya etilgan oyat va duolarni takrorlab, o‘ziga dam solib yotish insonga xotirjamlik bag‘ishlaydi. Bir uyda yolg‘iz uxlamaslik, yotganida qiblaga yoki muqaddas kitoblar turgan tomonga oyoq uzatmaslik lozim.
Aniqlanishicha, ko‘p uxlash sog‘liqqa zarar bo‘lib, yuzni sarg‘aytirar ekan. Bir kecha-kunduzda besh soatdan sakkiz soatgacha uxlash yetarli. Chunki donishmandlar ko‘p yeyish qatori ko‘p uxlashni ham sog‘lik uchun zarar deb takidlashgan. Yana bir hadisda esa: «Tongda uxlash rizqni kamaytiradi», deyilgan. Bu ma’lumotlarni eshitgan yoki o‘qigan xar bir inson uyquda ham meyor degan tushunchaga amaml qilish kerakligi anglab olishi qiyin emas.
Payg‘ambarimiz alayhissalom bir hadislarida: «Kim asr namozidan keyin uxlasa, aqldan ozib, jinni bo‘ladi. Shundan so‘ng boshqani malomat qilmasin», deganlar (Abu Ya’lo).
Shuningdek, yuztuban yoki chalqancha yotish tarbiyasizlik sanaladi. Halimiyning «Minhaj» kitobida ayollarning chalqancha yotib uxlashlari makruh deyilgan. Ibn Sino yozishicha, chalqancha yotib uxlash kishida sakta, falaj, bosinqirash kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz: «Yuztuban yotgan kishini ko‘rganlarida, uni uyqudan o‘yg‘otib: «Bu ishyoqmaslarning yotishidir. Yuzini yerga qilib yotgan kishiga Allohning g‘azabi bo‘ladi», deganlar. O‘ng yoni bilan yotib, o‘ng qo‘l kaftini yuz ostiga qo‘yib uxlash yaxshidir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham shu tarzda uxlaganlar.
Qolaversa, tibbiyot mutaxassislari bunday uxlashda tana a’zolarining ishlashi, modda almashinuvi yaxshilanishini isbotlashgan. Ba’zi tabiblar chap yonni bosib yotishni tavsiya qilishadi. Chunki bunday yotish ovqat hazmini osonlashtiradi.
Kunning birinchi yarmida bir-ikki soat uxlab olinsa, odam kun bo‘yi yengil yuradi. Bu «qaylula» deyiladi. Payg‘ambarimiz: “Qaylula qilinglar, chunki shayton qaylula qilmaydi. Qaylula zavoldan oldin bo‘ladi”, deganlar (Anas ibn Molik).
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, har bir narsada me’yor degan tushunchaga amal qilsak hayotimiz juda go‘zal bo‘ladi. Uyqudagi me’yor ham inson salomatligida katta ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan uyqularimizni me’yorga keltirishga diqqat qilaylik. Inshaalloh, ana shunda Alloh taolo tunlarimizni tinch, uyqularimizni foydali qiladi.
Manba: azon. uz