Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Uxlayotganingizni tashqaridan hech kuzatganmisiz?!

Uxlayotganingizni tashqaridan hech kuzatganmisiz?!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Barcha Payg‘ambarlar alayhimussalomning mo‘’jizalari bo‘lgan. Lekin o‘tgan barcha Payg‘ambarlar alayhimussalomning mo‘’jizalari hissiy mo‘’jiza bo‘lgan. Ya’ni ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan mo‘’jiza. Bunday mo‘’jizalar o‘sha payg‘ambarlar vafot etganlaridan keyin to‘xtagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ham barmoqlaridan suv chiqishi, oz taomning ko‘pchilikka yetishi, daraxtning u zotni pana qilib turishi, tuyaning u zotga shikoyat qilishi, oyning bo‘linishi kabi hissiy mo‘’jizalari bo‘lgan. Ammo bularning hammasi u zot Rafiqul a’loga intiqol qilishlari bilan to‘xtagan. U zotdan keyin boshqa payg‘ambar kelmaydi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam oxirgi nabiydirlar. Shuning uchun u zot alayhissalomga berilgan mo‘’jiza faqat hissiy bo‘lib qolmay, ma’naviy, davomli ham bo‘lishi shart edi. Chunki o‘sha ma’naviy, ilmiy mo‘’jiza keyingi zamonlarda yashaydigan musulmonlar uchun mo‘’jiza bo‘lib xizmat qilishi va insoniyatni To‘g‘ri Yo‘lga boshlab turishi kerak edi.

Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qiyomatgacha davom etadigan mo‘’jizalari Qur’on bo‘lib, u ilmiy, ma’naviy va qiyomatga qadar davom etuvchi mo‘’jizadir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda Kahf (G‘or) sohiblari haqida bir necha oyatlarda hikoya qilgan. Ana shu oyatlarning birida shunday marhamat qilgan:

ﮑ ﮒ ﮓ ﮔ ﮕﮖ

Ularni goh o‘ngga, goh chapga ag‘darib tururmiz (Kahf surasi, 18-oyat).

Alloh taolo bu oyatda g‘orga berkingan va uzoq muddatga uxlatib qo‘yilgan yigitlarni o‘ngu chapga ag‘darib turishining xabarini bermoqda.

Xo‘sh, bu ag‘darib turishning hikmati nima?

Ma’lumki, insonda skelet va bu skeletning o‘ziga yarasha vazni ham bor. Skeletning usti muskullar bilan o‘ralgan bo‘lib, muskullarning ham vazni bor. Inson bir yoni bilan uxlagan paytda tanasining yerga tegmay turgan qismi yerga tegib turgan qismini katta kuch bilan bosadi. Tepa qismdagi suyaklar, go‘sht va muskullarning past tarafga bosimi tushadi. Past tarafdagi tomirlar hamda teri to‘qimalari qisilib, eziladi. Tomirlarga qon kelishi va o‘sha hududning kislorod bilan to‘yinishi susaygani, teri ham ezilib turgani uchun inson tanasining o‘sha qismlarida uvishish va jimirlashni sezadi. Masalan, inson oyog‘ini uzoq vaqt bosib o‘tirib, keyin o‘rnidan tursa, o‘sha oyog‘ida kuchli uvishish, og‘riq kabi noqulay holatni his etadi.

Endi hikmatni qarangki, Alloh taolo inson jismiga bosimni sezadigan markazlarni joylashtirib qo‘ygan. Uxlayotganimizda tanamizning yerga tegib turgan qismiga bosim tushganda, bosimni sezuvchi markazlar miyaga Bu insonning falon a’zosi uvishib qoldi degan signal yuboradi. Miya darhol umumiy tanaga ag‘darilish buyrug‘ini beradi. Natijada bosim ostida qolgan a’zolar rohatga erishadi va ularda kislorod, qon aylanishi yaxshilanib, uvishishning oldi olinadi.

Uxlayotgan odamni kuzatish uchun xonaga kamera o‘rnatildi. Keyin shu narsa ma’lum bo‘ldiki, inson to uyg‘ongunicha 38 martagacha u yoqdan bu yoqqa ag‘darilar ekan. Tibbiyot olimlarining aytishlaricha, umurtqa sinishi, falajlik, koma, uzoq uyqu (letargiya) kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar uzoq vaqt yotishga majbur bo‘ladilar. Natijada, ularda Yotoq yarasi degan kasallik yuzaga keladi. Ya’ni tanalarining uzoq vaqt yerga tegib turgan qismida yaralar paydo bo‘ladi. Buning oldini olish uchun o‘zi ag‘darila olmaydigan bemorlarni hamshiralar yoki bemorning yaqinlari ag‘darib turishadi. Aks holda bemorning tanasiga yaralar toshib, terisi to‘kilib ketib, gohida u shu kasallik tufayli vafot etishi ham mumkin.

Yuqoridagi oyatda yana shu narsaga diqqat bilan e’tibor berish kerakkki, Alloh taolo oyatda Ularni goh o‘ngga, goh chapga ag‘darib tururmiz dedi. Faqat o‘ngga yoki faqat chapga demadi. Nega?

Chunki, agar uxlayotgan inson faqat bir tomonga ag‘darilaversa, to uyg‘ongunicha yotgan joyidan ancha uzoqqa ketib qoladi. Karavot ustida yotgan odam esa karavotidan yerga tushib ketib, qattiq qo‘rqib ketishi, buning oqibatida yurak urishi, asablarida jiddiy salbiy holatlar yuzaga kelishi mumkin. Goh o‘ngga, goh chapga ag‘darilganda esa, tana ham rohat oladi, ham hech qayerga ketmay, o‘z o‘rnida qoladi.

Agar Alloh taolo 300 yildan ortiq vaqt g‘orda qolgan yigitlarni o‘ng va chapga ag‘darib turmaganda, ular buncha vaqt ichida sog‘ qolmasliklari mumkin edi.

Bu Alloh taoloning biz bandalariga rahmati, lutfi va karamidir.

Bundan 14 asr oldin odamlar uzoq vaqt bir tomon bilan yotish tana uchun zararli ekanini bilmasdilar. Bu haqiqat yaqinda kashf etildi. Ammo bir ming to‘rt yuz yil oldin nozil qilingan Qur’oni karimda bu ilmiy haqiqatning ochiq-oydin aytib qo‘yilgani Qur’on Allohning Kalomi ekaniga va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning haq Rasuli ekanliklariga yaqqol dalildir!

Kiritildi: 18:23 05.03.2019. O'qildi: 2258 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!