O‘tgan 6 oyda “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsion jinoyat sabab 23 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 57 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zkimyosanoat" AJ axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekov ma’lum qildi.
Hisobot davrida jamiyat va tarmoq korxonalaridagi korrupsion jinoyatlar, noqonuniy o‘zlashtirish, rastrata, o‘g‘irlik, kamomad, qo‘shib yozish va boshqa qonunbuzilishlar bo‘yicha jami 54 ta holat aniqlandi va ular bo‘yicha tegishli tartibda xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi.
Yuqoridagi qoidabuzarliklar bo‘yicha 23 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 57 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 120 nafar mas’ul xodimlarga turli intizomiy jazolar qo‘llanildi.
Buning oqibatida tizimga jami 14,8 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi qayd etildi.
Shuningdek, o‘tgan hisobot davrida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida yetkazilgan jami zararning 9,6 mlrd so‘mdan ko‘prog‘i undirilishi ta’minlandi.