Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Urganch shahridagi markaziy dehqon bozorida kuzatilgan ayanchli holat haqida

Urganch shahridagi markaziy dehqon bozorida kuzatilgan ayanchli holat haqida

Joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, xususan ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa tuzilmalardagi muammolarning yechimini o‘z vaqtida topish, pandemiya sharoitida tegishli sektorlardagi ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshevning navbatdagi tashrifi Xorazm viloyatiga amalga oshirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur tashrif doirasida bugun Urganch shahridagi markaziy dehqon bozorida bo‘lgan Bosh prokuror bu yerdagi ayanchli sanitariya holatiga guvoh bo‘ldi.

Birinchidan, bozorda koronavirus infeksiyasi munosabati bilan joriy etilgan karantin qoidalariga rioya etilmayapti.

Hatto, bozorda sotuvchilar ham, xaridorlar ham oddiygina ijtimoiy masofa saqlash qoidasini pisand qilmaydi. 

Turg‘un savdo rastlarida sotuvchi va xaridor o‘rtasida polietilen himoya to‘sig‘i ham o‘rnatilmagan.

Umuman olganda, bozor ma’muriyati karantin qoidalariga rioya qilish choralarini ko‘rmagan.

Ikkinchidan, go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan savdo rastalari, bu mahsulotlarni saqlash kameralari sanitariya-epidemiologiya talablariga mutlaqo javob bermaydi.

Bozorda sotuvchi va xaridorlarga gigiyenaning hatto birlamchi qoidalariga rioya etish uchun zarur sharoitlar yaratilmagan. Bu boradagi hozirgi ahvol mazkur masala yillar davomida bozor ma’muriyatining e’tiboridan chetda qolib kelganini anglatadi.

Bosh prokuror shu yerning o‘zida Urganch shahar hokimi va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlariga bir hafta muddatda bozordagi vaziyatni amaldagi qonun va qoidalarga moslashtirish bo‘yicha qat’iy talab qo‘ydi.

Ma’lum ma’noda xalqimizning turmush tarzini ifoda etadigan bozorlarni har tomonlama namunali saqlash bo‘yicha vazifalariga loqaydlik bilan munosabatda bo‘layotgan mutasaddilarga Toshkent shahridagi bozorlarni o‘rganib, tajriba almashish haqida ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, bozordagi narx-navoning barqarorligini ta’minlash, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi vazifalar va ularni ro‘yobga chiqarishga mas’ul bo‘lganlarning javobgarligi yana bir bor eslatib o‘tildi.  

Kiritildi: 17:16 13.10.2020. O'qildi: 3764 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!