1 noyabr kuni Fransiya prezidenti Ostonaga rasmiy tashrif bilan keldi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev matbuot anjumanida Fransiyani “asosiy va ishonchli hamkor” deb atadi. Emmanuel Makron bunga javoban To‘qayevga G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga rioya qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Prezidentlar uchrashuvidagi ustuvor mavzulardan biri energetika sohasi bo‘ldi.
Makron 2 noyabr kuni Samarqandda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu Fransiya Prezidentining so‘nggi 30 yil ichida ushbu mamlakatga ilk rasmiy tashrifidir.
Muzokaralar yakunida Mirziyoyev dunyodagi eng yirik uran va yadro yoqilg‘isi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Fransiyaning Orano kompaniyasi rahbari Klod Imoven bilan uchrashdi.
Makronning tashrifi Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada yuz yildan ortiq hukmronlik qilib kelayotgan Rossiya bilan munosabatlarida “chuqur o‘zgarishlar” sodir bo‘lgan bir vaqtda bo‘ldi, deya ta’kidladi ostonalik siyosatshunos Do‘sim Satpayev BBC nashriga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri zaiflasha boshlagan. “Harbiy hamkorlik kamaydi. Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari bu haqda ochiq gapirmayapti, lekin shunday bo‘lmoqda”, — deya fikr bildirdi siyosatshunos.
Avvalroq Makron atrofidagi manbalar Bloomberg nashriga Fransiya prezidentining safari sabablaridan biri sobiq Sovet respublikalarini Rossiyaga qaramlikdan chiqib ketishga ko‘ndirish ekanini aytgan edi.