Bugun 2 may, 2025 yil, juma

КИР

O‘qituvchilarga imtiyozli avtokredit va ipoteka krediti berish shartlari qanaqa?

O‘qituvchilarga imtiyozli avtokredit va ipoteka krediti berish shartlari qanaqa?

Joriy yilning 14 avgustida O‘zbekiston prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan.

Qarorning uchinchi bandida “umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:

  • a) 2018 yil 1 sentyabrdan: boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 1,1 baravar; yuqori sinf o‘qituvchilari uchun o‘rtacha 1,24 baravargacha; direktor, uning o‘rinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravar oshirilsin.
  • b) 2019 yil 1 yanvardan: oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravar; birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravar; ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravar; mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravar; direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravar oshirilsin”, – deya qayd qilingan.

Shuningdek, bu qarorning o‘ninchi bandida o‘qituvchilarga imtiyozli avtokredit berish haqida so‘z boradi.

“O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga iste’mol kreditlari, shu jumladan, avtotransport sotib olish uchun maxsus jamg‘arma hisobidan quyidagi shartlarda kreditlar berish tartibi o‘rnatilsin: kreditni berish muddati – 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yil; dastlabki badal summasi – sotib olinayotgan avtotransport qiymatining 25 foizi; kredit uchun foiz stavkasi — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda”, – deyiladi bu bandda.

Kuni kecha, 2 oktyabr kuni “regulation.gov.uz” saytida prezident qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘qituvchilarga uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida uy berish haqidagi hujjat loyihasi e’lon qilindi. Ta’kidlash shart, ushbu hujjat hali loyiha bo‘lib, u o‘zgarishi, tasdiqlanishi yoki rad etilishi mumkin. Bu bo‘yicha muhokamalar 17 oktyabrgacha davom etadi.

Demak, agar bu loyiha o‘zgarishsiz qabul qilinsa:

  • o‘qituvchilarga ipoteka krediti 3 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga beriladi;
  • dastlabki 5 yilda 7 foiz, qolgan 15 yilda MBning qayta moliyalash stavkasi hisobida foiz olinadi;
  • boshlang‘ich badal uy-joy qiymatining 10 foizi hisobida to‘lanadi;
  • kredit xalq ta’limi tizimida kamida 15 yillik stajga ega, uyga muhtoj o‘qituvchilarga beriladi.

Yashash uchun turarjoyi mavjudlarga ham kredit ajratiladi, faqat:

  • ijarada yoki birovning uyida tursa;
  • bitta uyda (kvartirada) boshqa oila bilan birga yashasa;
  • ko‘p bolali oila bo‘lsa;
  • farzand tarbiyalayotgan yolg‘iz ota yoki ona uchun;
  • 1-guruh nogironi bor oila bo‘lsa;
  • turarjoy maydoni mavjud me’yorlarga mos kelmasa (bir kishi uchun 16 kvadrat metrdan, aravachali nogironlar uchun 23 kvadrat metrdan kam bo‘lsa).

Mazkur ipoteka imtiyozidan foydalanish istagida bo‘lganlardan quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:

  1. Ariza;
  2. Mehnat stajini tasdiqlovchi hujjatlar;
  3. Talabgor ishlovchi ta’lim muassasasi pedagogik kengashining dalolatnomasi;
  4. Oilaviy sharoiti imtiyozli kredit olishga mos kelishini tasdiqlovchi hujjatlar.

Barcha hujjatlar jamlanib hududiy komissiyaga taqdim etiladi va komissiya arizalarni kelib tushish tartibi bo‘yicha ko‘rib chiqadi.

Shu o‘rinda ayrim tushunchalarga aniqlik kiritish talab etiladi.

Arzon uylar – O‘zbekiston prezidenti va hukumati tasdiqlagan dasturlar bo‘yicha qurilgan namunali uylar va ko‘p xonadonli uylardagi kvartiralar. Ipoteka krediti – arzon uy xarid qilish uchun berilgan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti. Imtiyozli davr – ipoteka kreditining asosiy qarzi to‘lanmaydigan davr. Qarz oluvchi – O‘zbekiston xalq ta’limi tizimida faoliyat olib boruvchi, mazkur imtiyozli ipoteka kreditini olish talablariga mos keluvchi, zarur ish stajiga ega pedagog. Dastlabki badal – kredit oluvchining uy qiymatining 10 foizini tashkil qiluvchi shaxsiy mablag‘i.

O‘qituvchilar ipoteka krediti asosida olayotgan arzon uy qiymati dastlabki badal to‘lanayotgan kunda amalda bo‘lgan minimal maosh qiymatining 1500 barobaridan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Qisqacha shartlar mana shulardan iborat. Mazkur hujjatning to‘liq matni bilan “regulation.gov.uz” sayti orqali tanishish mumkin. Qiziq jihati shuki, hujjat loyihasi rus tilida e’lon qilingan.

O‘qituvchilarga shuncha imkoniyatlar yaratilmoqda. Xo‘sh, ularning maoshlari bunday kreditlarni olish uchun yetarlimi? Hisoblab chiqamiz.

Hisoblash uchun o‘qituvchilarning 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab oladigan, ya’ni ikkinchi bor oshiriladigan maoshlarini asos qilib olamiz. Chunki bu vaqtga kelib arzon uy olish uchun imtiyozli ipoteka krediti bo‘yicha hujjat ham qabul qilib bo‘linishi mumkin.

Demak, Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab oliy toifali o‘qituvchi barcha ustamalar bilan birga 2 mln 380 ming so‘m, birinchi toifali o‘qituvchi 2 mln 176 ming so‘m, ikkinchi toifali o‘qituvchi 1 mln 978 ming so‘m, toifasiz o‘qituvchi 1 mln 793 ming so‘m maosh oladi.

O‘qituvchining o‘rtacha maoshini 2 mln so‘m deb olamiz. Endi eng qiziq savol – o‘qituvchi o‘z maoshiga ham avtokredit, ham ipoteka krediti olishi mumkinmi?

O‘qituvchilar odatda kamtar insonlardir. “Kaptiva”, “Malibu”larni orzu ham qilishmaydi. Oddiygina “Spark”ning bahosi 70 mln so‘m atrofida. Uning 25 foizi 17,5 mln so‘m bo‘ladi.

Belgilangan cheklovga ko‘ra, o‘qituvchi uchun arzon uy qiymati eng kam ish haqining 1500 barobaridan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Bu bugungi kun hisobida taqriban 275 mln so‘m demakdir. Uning o‘n foizi 27,5 mln so‘mga teng. O‘qituvchi dastlabki badallarni (45 mln so‘m) to‘lash uchun kamida 22 oy (deyarli ikki yil) hech qanday xarajat qilmay maoshini to‘plashi lozim bo‘ladi. Bu orada EKIH ham bir necha marta o‘zgarishi aniq.

Undan keyin hatto imtiyozli davrda bu ikki kreditning faqat foizini to‘lab turish uchun o‘qituvchining 2 mln so‘m maoshi arang yetadi. Chunki avtomobil uchun kreditning faqat foizi oyiga 750 ming so‘m, uy uchun kreditning faqat foizi taqriban 1 mln 250 ming so‘m.

Demak, o‘qituvchi hozircha qaysidir kreditdan voz kechishi yoki yaqinlarining ko‘magiga suyanishi kerak bo‘ladi.

Albatta, qabul qilinayotgan hujjatlarga skeptik ko‘z bilan qarash, past baho berish yaramaydi. Chunki yaqin-yaqingacha ham o‘qituvchilar maoshlarning bu qadar oshishini, bunday imtiyozlarni orzu ham qilmagan edi. Bu ta’lim tizimi bo‘yicha islohotlarning ilk qadamlari, dastlabki bosqichidir. Qolaversa, kreditlarning milliy valyutada taqdim qilinishi, yuqori inflyasiya sur’ati bir qator iqtisodiy ustunliklar beradi.

Eng muhimi, bu uzoq yillardan buyon o‘z boshpanasiga va shaxsiy mashinasiga ega bo‘lmagan ustoz va murabbiylar uchun katta imkoniyatdir.

Kelajakda O‘zbekiston o‘qituvchilari yana jamiyatning eng obro‘li, moddiy jihatdan ta’minlangan qatlamiga aylanadi albatta.

Kiritildi: 18:47 04.10.2018. O'qildi: 10397 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!