Bugun 2 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

O‘qituvchi auditoriyaga ketmon yoki o‘roq bilan kirmaydi

O‘qituvchi auditoriyaga ketmon yoki o‘roq bilan kirmaydi

Pedagogik mahoratning o‘zagi bilim bo‘lsa, o‘zani uni yetkazish qobiliyatidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 sentyabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tashrif buyurib, yangilangan sharoitlar bilan tanishdi, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirdi hamda soha vakillari bilan ta’limda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan muloqot o‘tkazdi.

Taraqqiyotning kafolati ta’limga asoslanganini rivojlangan mamlakatlarning ravnaq topganligiga bois ham shu bo‘lganligini tizimning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati mamlakatimiz taraqqiyotining muhim mezoni yoshlar siyosatining poydevori – boshlang‘ich va umumiy ta’lim bilan chambarchas bog‘liqdir.

Tadbirda davlatimiz rahbari qayta-qayta e’tirof etganlaridek, eng asosiy masala – ta’lim sifati. Chunki, oldin qayd etganidek, «Ta’lim sifatini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘lidir».

Ana shu maqsad va harakatning uzviy davomi sifatida ikkita asosni keltirish joiz. Biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 iyunda qabul qilingan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishga doir qarori bo‘lsa, ikkinchisi shu sohadagi institutni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga aylantirilganidir.

Bu borada institutning tubdan yangilangani, tinglovchilar o‘rni ham, yo‘nalishlar ham ko‘paygani, muassasada malaka oshirish va qayta tayyorlashning an’anaviy, muqobil hamda dual shakllari, shu jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘qitish joriy etilgani, uzluksiz kasbiy ta’lim, menejerlik o‘quv kurslari, pedagoglarni attestasiyadan o‘tkazish va malaka toifasini berish, maktabgacha va maktab ta’limini boshqarish kabi dasturiy platformalar joriy etilgani e’tiborga molikdir.

Prezidentimiz yangi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanisharkan, jumladan shunday dedi: «Bu institut kutib o‘tiruvchi emas, targ‘ibotchi, yetakchi bo‘lishi kerak. Hududlardagi o‘qituvchi va direktorlarni ko‘proq taklif etib, barcha maktablarda sifatni oshirish zarur. Yangi zamon kishisi, kelajagimiz bunyodkorlari maktabda tarbiyalanadi. Ta’limsiz kelajak yo‘q».

Demak, hamma gap mahoratda, mohirlikda, sifatni oshirish, samaraga erishish. Xo‘sh, buning asosi nimada?

Pedagogik mahoratning, pedagogik ta’limning ikkita tayanchi bor. Biri yetuk bilim bo‘lsa, ikkinchisi shu bilimni yetkazish.

O‘z fanimiz bo‘yicha kengqamrovli, yetuk bilimga ega bo‘lsak, axborot kompyuter texnologiyalarini obdon o‘zlashtirgan bo‘lsak, hatto bir necha xorijiy tilni bilsak ham hali bu sifatli ta’lim degani emas. Olingan bilim, o‘zlashtirilgan ko‘nikma, hosil qilingan ko‘nikmani o‘quvchi, talabaning ongiga singdirish mexanizmi - pedagogning kommunikativ-lingvistik kompetensiyasi, nutqiy mahorati zarur.

O‘qituvchi auditoriyaga ketmon, o‘roq yoki bolg‘a bilan kirmaydi, u bilimi va nutqi bilan kiradi. Shunday ekan, notiqlik san’ati, lingvistik kompetensiya pedagogik mahoratning, aniqrog‘i, sifatli ta’limning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

Tasavvur qiling. Osh tayyorlash maqsadida bir kishini yollab bozorga borib asl dehqon yetishtirgan masalliqlardan olib kelishni buyursangiz. U bu yumushni bajarsa-yu, tayyorlangan osh xom xatala bo‘lsa, kim aybdor? Albatta, oshpazda. Chunki oshpazda osh tayyorlash kompetentligi yetarli emas. Shunga monand holda aytish mumkinki, o‘qituvchining kompetentlik darajasi yetarli bo‘lmasa, sifatli ta’lim haqida gap bo‘lmaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, taom masalliqlari u o‘quv qo‘llanmasi va darsliklar. Qo‘lida haydovchilik guvohnomasi bor bo‘lgan hamma ham tajribali haydovchi bo‘lavermagani kabi o‘qituvchilarning barchasida ham kompetentlik yuqori emas.

Ta’lim sifatini oshirish maqsadida talaba yoshlarga dars o‘tayotgan o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini aniqlash yuzasidan ijtimoiy-ta’limiy so‘rovnoma o‘tkazilganida 71,3 foizida nutqiy kompetensiya, notiqlik mahorati va faol muloqot qilish mahorati yetishmas ekan.

Aksariyat talaba yoshlarning javobi bir xil: Ustozning bilimi bor, kitobi bor lekin jalb etish, qiziqtirish mahorati yetishmaydi, adabiy tilda ravon gapira olmaydi. Ushbu talablar bo‘yicha o‘qituvchining notiqlik mahorati va kommunikativ kompetentlik darajasini belgilash topshirilgandi.

  1. O‘z fani va ma’ruzasiga auditoriyani qiziqtira olishi;
  2. Nutq madaniyati va notiqlik san’atiga amal qilish sirlari;
  3. Auditoriya diqqatini jalb eta olishi, yetkazish layoqati va texnologiyalari;
  4. O‘z fanini sevishi va bilish darajasi;
  5. Adabiy til me’yorlariga rioya etishi;
  6. Talaffuz qoidalari va nutqining teran hamda ravonligi;
  7. O‘zini erkin tutishi, ovoz tembri, baland-pastligi va emosionallik;
  8. Muloqot etiketi va yuksak muomala madaniyatiga amal qilishi;
  9. Kiyinish madaniyati;
  10. Bosh ma’ruzadami, yo ma’ruza boshdami?

O‘quvchini qiziqtira olmagan o‘qituvchining ham qizig‘i yo‘q. Chunki o‘qituvchi talaba yoshlarni qiziqtira olmas ekan, demak ergashtira olmaydi, motivasiya ham bera olmaydi.

Chuchvara yeyishdan maqsad go‘sht yeyish, aslida. Biz uni xamirga o‘rab bejirim qilib tortiq qilamiz. Shunday ekan, pedagog ham fan mavzusini hayot bilan bog‘lagan holda, qiziqarli tarzda, ta’sirchan yetkazish yo‘llarini obdon o‘ylashi va nutqi ravon bo‘lishi kerak. Aks holda, sizni qabul qiladigan talaba yoshlar safi kamaysa kamayadiki, ko‘paymaydi.

Emishki, bir domla zerikarli, hissiz, tussiz ma’ruza qilib bo‘lgach, kimda qanday savol ber deyishi hamonoq, shoshqaloq talabalardan biri o‘rnidan turib savol yo‘q, tilagim, bor, debdi.

— Sizga katta rahmat ustoz?

— Bolam 30 yildan beri shu «rahmat»ni kutib dars beraman, hech kimdan eshitmagandim. Nima uchun rahmat deding desa, o‘quvchi shunday deb javob beribdi:

«Ustoz, shunday bir yoqimli monotonniy ma’ruza o‘qidingiz onamning allasi ham meni bu darajada maza qilib uxlata olmasa kerak».

Bu kulgili. Lekin aslida, bu fojia. Hissiz kalom aytgandan ko‘ra, tuzsiz taom yedirgan afzal. Buyuk notiq Siseron e’tirof etganiday, «Qalb harorati bilan sug‘orilmagan ehtirossiz nutq hech nima, notiq esa hech kimdir».

«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasamizda 20 soatlik dastur ishlab chiqilgan. Nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotning uyg‘unligida tayyorlangan bu dasturni to‘liq o‘tish, o‘zlashtirish kerak. Aksariyat ta’lim muasssalarida, malaka oshirishda bir yoki ikki juftlik «Nutq madaniyati va notiqlik san’ati» darsi qo‘yiladi. Shu bilan o‘tildi hisobiga o‘tadi. Yigirma soatlik dasturni to‘la o‘tmaguncha siz notiqlik ummoniga kira olmaysiz. Shifokor bemorga novakayn va sepazolinni qo‘shib ukol qilsa ertaga bitta nimesl ichsa indinga yaxshi bo‘lib qolmaydiku. O‘ruscha aytadigan bo‘lsak o‘n «kurs lecheniye»ni olishi kerak. Yo‘qsa, uning asorati qoladi.

Nutq madaniyati va notiqlik shunchaki dars emas, bu aslida muolaja, kasallik. Buning davosi tinimsiz mashq. Unutmang, Oshiqni ishq toblasa, notiqni mashq toblaydi. Men bu haqda ta’lim vazirlarining har biriga murojaat qilganman. Deyarlik hali, tizimli ish va jo‘yali javob ololganim yo‘q.

Mamlakatimizda maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog hamda mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash, malakasini oshirishning uzluksiz tizimi yo‘lga qo‘yilarkan, ta’lim jarayonida tinglovchilarning lingvistik kompetensiyalarini, notiqlik mahoratini takomillashtirishga alohida e’tibor qilish zarur.

Zeroki, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «Ta’lim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi bo‘lsa, o‘qituvchilik kasblar orasida eng ulug‘i» bo‘lar ekan, lingvistik kompetentlik va notiqlik san’ati ta’lim sifatini oshirishning muhim mezoni bo‘lib qolaveradi. Chunki ta’lim tayanchi nutq bo‘lsa, tarbiyaning kaliti xulq. Nutqiy va xulqiy madaniyat vatanparvar, intellektual salohiyatli barkamol avlodning mezonidir.

Ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha Prezident tomonidan belgilab berilgan 7 ta yo‘nalishning mohiyat-mazmuni ham bevosita pedagogik mahorat, notiq-pedagoglarning o‘z ustida va so‘z ustida ishlashi, o‘z bilimini oshirishi bilan chambarchas bog‘liq.

Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» universiteti professori, «Notiqlik san’ati akademiyasi» rahbari

Kiritildi: Bugun 00:10. O'qildi: 426 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!