— Yurtdoshlarimiz orasida oyoq va bel og‘rig‘idan aziyat chekuvchilar ko‘p. Tekshiruvlar davomida ularning ba’zilariga umurtqalararo disk churrasi tashxisi qo‘yiladi. Avvallari bu xastalik ko‘proq katta yoshli insonlarda kuzatilgan bo‘lsa, endilikda u 20-25 yoshli yigit-qizlarda ham uchrayapti.
Kasallik umurtqalar orasidagi disk butunligining jarohatlar yoki osteoxondroz natijasida buzilishi, undagi pulpoz yadroning fibroz halqani yorib tashqariga chiqishi orqali yuzaga keladi.
Bunda eng asosiy simptom — bel og‘rig‘i. Dard harakat yoki biror og‘ir yukni ko‘tarish natijasida kuchayadi. Hatto tinch holatda ham og‘riq pasaymasligi mumkin.
Tanada kislorod va ozuqalar yetishmasligi tufayli qo‘l-oyoqlar muzlaydi, uyushadi, bemor holsizlanadi. Bosh aylanishi, ichak va bovul qilishda buzilishlar, qo‘llarda sezgilik susayishi, qon bosimi o‘zgarishi, qorin bo‘shlig‘idagi noqulaylik ham shu kasallikka xos alomatlar.
Churra xuruj qilgan paytda ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorinda to‘lg‘oqsimon og‘riq kuzatilishi mumkin. Bunday vazitda bemor og‘riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilishi mutlaqo mumkin emas. Sababi o‘zboshimchalik bilan davolanish keyinchalik salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Afsuski, hozirni kunda ko‘pchilik bemorlar yaqinlarining maslahatiga ishonib, umurtqa pog‘onasini bosish, uqalash va shunga o‘xshash amaliyotlar orqali davolanishga harakat qiladi. Bu esa shikastlangan umurtqani yanada zo‘riqtirib, kasallikning kuchayishiga olib keladi.
Vaholanki, zamonaviy tibbiyotda xastalik muolajasida lazerli va endoskopik usullardan keng foydalanilmoqda. Biroq churra inson tanasidagi o‘simta hisoblangani, qolaversa, vaqtida chora ko‘rilmasa, salbiy oqibatlarga olib kelishi bois uni rejali jarrohlik yo‘li bilan davolash eng samarali yo‘l.
To‘g‘ri, umurtqa churrasini dori-darmonlarsiz ham tuzatsa bo‘ladi. Masalan, tibbiyotda keng qo‘llanilayotgan suv muolajalari orqali! Lekin bunday amaliyotlarni shifokor tavsiyasi bilan bajarish kerak.
Shu bilan birga, dardga davo topishda churraning yuzaga kelish muddati juda muhim. Uch oygacha bo‘lgani yengil, uch oydan olti oygacha bo‘lgani esa surunkali sanaladi. Bundan tashqari, u 9 millimetrdan kichik bo‘lsa, jarrohlik aralashuvisiz davolash mumkin.
Ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ushbu kasallik ilg‘or usullar yordamida muolaja qilinmoqda.