Ukraina prezidenti devonining rahbari Andrey Yermakning so‘zlariga ko‘ra, 100 kishi Rossiya asirligidan Ukrainaga qaytgan.
«Bular harbiylar, dengizchilar, chegarachilar, milliy gvardiyachilar. Ular orasida Mariupol, «Azovstal», Hostomel himoyachilari ham bor. Ba’zi odamlar og‘ir jarohat olgan, kasalliklarga chalingan», - deb yozdi u Telegram-kanalida.
O‘z navbatida, Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi 106 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi vataniga qaytganini ma’lum qildi.
Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ozod qilingan rossiyalik asirlar Rossiya Aerokosmik kuchlari harbiy-transport aviasiyasi samolyotlari bilan idoraning tibbiyot muassasalarida davolanish va reabilitasiya qilish uchun Moskvaga yetkaziladi.