"Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati Ukrainaga yangi Patriot tizimlarini yetkazib berishga hozircha tayyor emas", deb yozadi gazeta G‘arb davlatlari rasmiylarga tayanib.
Maqolada qayd etilishicha, 2023 va 2024 yillarda Patriot tizimlari Rossiyaning ballistik raketalarini tutib qolishda nisbatan samarali bo‘lgan. Ammo 2025 yil may oyi oxiridan boshlab Ukraina bunday raketalarni urib tushirishda qiyinchiliklarga duch kela boshlagan.
AQSh prezidenti Donald Tramp so‘nggi kunlarda Rossiya tomonidan uyushtirilgan hujumlarni qoraladi va Putinni "aqldan ozgan" deb atadi, biroq Kiyevga harbiy yordam ajratish bo‘yicha hech qanday yangi va’da bermadi.
Ukraina Qo‘shma Shtatlardan, eng avvalo, ko‘proq Patriot tizimlarini etkazishni so‘ramoqda, deb yozadi nashr. Biroq AQSh davlat kotibi Marko Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda bunday tizimlar yetarli emas.
Patriot tizimlari ishlab chiqaruvchi Raytheon kompaniyasi faqat 2022 yildan keyin ishlab chiqarishni kengaytirishni boshlagan. Shu bilan birga, AQSh ushbu havo hujumidan mudofaa tizimlarining bir qismini o‘z mudofaasi uchun saqlashga majbur, ayniqsa, Eron va boshqa ehtimoliy raqiblardan hujumlar ehtimoli mavjud bo‘lgan hozirgi sharoitda.
"Vashington hozirda biznesmenlar kabi o‘ylamoqda. Ya’ni, Qo‘shma Shtatlar qurollari endilikda Ukrainaga faqat pul evaziga berilishi mumkin. Bayden ma’muriyati esa Ukrainaga Patriot majmualarini harbiy yordam sifatida yuborgan edi. Biz moslashishga majburmiz. Endi hech kim ularni sovg‘a sifatida bermaydi", — deya izoh berdi ukrainalik rasmiy.