Navbatdagi jangiga AQShda tayyorgarlik ko‘rayotgan aralash yakkakurash ustamiz Nursulton Ro‘ziboyev doping uchun tahlil topshirdi.
Nursulton Ro‘ziboyev o‘zining Instagram sahifasiga surat joylab, unga "Chisti" ("Toza") deya izoh yozib qo‘ygan. Bu bilan hamyurtimiz navbatdagi doping-testdan muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qildi.
Ro‘ziboyev 27 iyun kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida tashkil etiladigan UFC turniri doirasida "Shtorm" maktabi vakili, rossiyalik Andrey Pulyayevga qarshi oktagonga chiqadi.
Ma’lumot uchun, 28 yoshli Andrey Pulyayev UFC promoushenida 3 ta jang o‘tkazgan. Kristian Leroy Dankan va Atebe Gotyega ochkolar hisobiga ko‘ra yutqazgan bo‘lsa, Nik Klyaynni texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgan.
32 yoshli Nursulton Ro‘ziboyev esa ikki g‘alabali seriya bilan kelmoqda. Erik MakKoniko texnik nokaut qilingan bo‘lsa, Dastin Shtolsfusdan hakamlarning yakdil qarori bilan ustun kelgan edi. Ro‘ziboyev UFC`dagi yagona mag‘lubiyatini Xoakin Baklidan qabul qilib olgan.