Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari dushanba kuni Suriya shimoli-g‘arbida Suriya hukumat kuchlari va isyonchi jangarilar o‘rtasidagi keng ko‘lamli to‘qnashuvlardan so‘ng vaziyatni yumshatish zarurligini aytdi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anqarada eronlik hamkasbi bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida uning mamlakati ziddiyat kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mojaroning barcha tomonlarini bir necha bor ogohlantirganini aytdi.
“Suriyadagi so‘nggi voqealar Suriya hukumati va qurolli muxolifat kuchlari o‘rtasida murosaga kelish zarurligini ko‘rsatmoqda va Turkiya kerak bo‘lsa, bunday muloqotga hissa qo‘shishga tayyor”, dedi u.
“Turkiya Suriyadagi fuqarolar urushining yanada avj olishini istamaydi”,-degan Fidan, Suriyada tartibsizliklar boshlanganidan beri o‘tmishda hal etilmagan muammolar hozirgi vaziyatga olib kelganini ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya va Eron terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik bo‘yicha “fikrlari bir xil” va Anqara terrorchi guruhlarning Suriyadagi beqarorlikdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
O‘z navbatida, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi uning mamlakati ham Suriyada jangovar harakatlar avj olishini istamasligini aytdi, deya xabar bermoqda "Anadolu" agentligi.
Arag‘chi, Tehronning mintaqaviy voqealar, xususan, Suriya bo‘yicha Turkiya bilan umumiy xavotirlari borligini ta’kidladi.
Har ikki vazir Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga va’da berib, Rossiya, Eron va Turkiya o‘rtasidagi Ostona formatidagi muzokaralar doirasida ulardan talab qilinadigan narsani bajarishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar, deya qo‘shimcha qildi "Anadolu" agentligi.
2017 yilning yanvar oyida Qozog‘iston poytaxti Ostonada Rossiya, Eron va Turkiya Suriyadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan jarayonni boshlab yuborgan edi.
Mintaqaviy o‘yinchilar Turkiya va Eron Suriya hukumati armiyasi va isyonchilar o‘rtasida keng ko‘lamli to‘qnashuvlar boshlanganidan keyin diplomatik muzokaralarni kuchaytirdi.
Tehron 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi paytida Suriya hukumatining ishonchli ittifoqchisi bo‘lgan, Anqara esa isyonchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlagan.