Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasi Asma Asad leykemiya (qon saratoni) tufayli yakkalash tartibiga o‘tkazildi. Bu haqda The Telegraph o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, shifokorlar uning yashash imkoniyatini «50/50» deb baholashmoqda.
Asma Asadni yuqumli kasalliklardan asrash uchun u turgan xonaga boshqalarning kirishi taqiqlangan. Moskvada unga bir muddat otasi Favaz al-Axras qaragan edi.
Ayrim turk va arab nashrlari Asma Asad 24 yillik turmushidan keyin ajrashish uchun ariza bergani va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Buyuk Britaniyada — Londonda yangi hayot boshlashni xohlayotganini yozgan edi. Biroq Buyuk Britaniya TIV mamlakat uni qabul qilishga tayyor emasligini ma’lum qilgan.