Bugun 27 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

Turk Riviyerasining “jonli” shaharlari haqida eshitganmisiz?

Turk Riviyerasining “jonli” shaharlari haqida eshitganmisiz?

Turk Riviyerasi O‘rta yer dengizidagi eng jozibali manzillardan biridir. Ushbu mo‘’jizaviy yo‘nalish hayratomuz manzaralari bilan sarguzashtga boy sayohat istaganlar uchun ajoyib imkoniyatdir. Kashdan Alaniya bo‘ylab sayohat sayyohlarga boy tarix, betakror tabiiy go‘zallik va madaniy rang-baranglikni tuhfa etadi. 1 000 kilometrdan ortiq uzunlikdagi qirg‘oq chizig‘ining har bir burilishida sizni yashirin qo‘ltiqlar, toza plyajlar, qadimiy mo‘’jizalar va maftunkor dengiz bo‘yidagi shaharchalar kutib oladi. Suv sportlari, parashyutda uchish, golf kabi mashg‘ulotlar, O‘rta yer dengizining ajoyib taomlari, hashamatli mehmonxonalar va sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantiruvchi tajribalari bilan bu sayohat chinakam ertakka aylanadi.

Qadimiy mo‘’jizalar bilan O‘rta yer dengizi jozibasini his qiling

Sohil bo‘yidagi sarguzashtni boshlash uchun ikkita qulay aeroportdan birini tanlash mumkin: Antaliya yoki Dalaman. Har ikki aeroportda ham avtomobil ijarasi imkoniyatlari mavjud. Birinchi manzil — Kash bo‘lib, bu qishloqning jozibasini ajoyib tabiiy landshaftlar bilan uyg‘unlashtirgan sohil bo‘yidagi tinch shaharcha. Uning toshli yo‘laklari, bugenvilliya bilan qoplangan oq uylari, “Evropaning eng yaxshi 40 plyajlari” qatoriga kiritilgan Kaputash kabi toza plyajlari va Xanthos, Patara va Myra kabi qadimiy Likiya xarobalari shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Bu, shuningdek, musaffo tabiati, jonli dengiz hayoti va qiziqarli kema halokatlari bilan dunyodagi eng yaxshi o‘nta sho‘ng‘ish joylaridan biridir. Kashdan taxminan bir soatlik masofada Kekova oroli joylashgan bo‘lib, suv ostidagi qadimiy shahar qoldiqlariga ega. Bu yodgorliklarni tomosha qilishning eng yaxshi usuli esa — dengiz qayiqlarida ekskursiya qilish.

Sharqqa tomon taxminan 40 daqiqalik masofada qadimiy Myra (bugungi Demre) shahri joylashgan bo‘lib, u yerda Santa-Klausga ilhom manbai bo‘lgan tarixiy Aziz Nikolay cherkovi mavjud. Shuningdek, qoyatoshlarga o‘yilgan ajoyib Likya qabristonlarini ham ko‘rish mumkin. Taxminan ikki soatlik yo‘ldan keyin maftunkor xarobalar va yam-yashil Olimpos plyaji kutib oladi. Olimposdan biroz narida joylashgan Chirali esa caretta-caretta toshbaqalarining uyasi joylashgan uzun plyaji va tog‘ yonbag‘rida yonib turgan abadiy olovi — Chimaera (Yanartaş) bilan mashhur. Yo‘l-yo‘lakay unutilmas onlar muhrlashning yagona yo‘li bu- bir vaqtlar Rim porti sifatida gullab-yashnagan romantik Phaselisda va sho‘ng‘ish yoki dengizda uchish uchun eng ideal markaz bo‘lgan Kemerda to‘xtab o‘tishdir. Shuningdek, qirg‘oq bo‘ylab joylashgan ulug‘vor Tahtali tog‘idagi teleferik sayohati dengizga qaragan eng baland cho‘qqilardan biriga olib boradi.

Shaharning eski qismidagi tarix qatlamlari

Taxminan 45 daqiqalik manzarali yo‘ldan so‘ng dinamik madaniyat markazi bo‘lgan Antaliya chiqadi. Bu yerda Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylar davrlariga oid qadimiy devorlar, Rim imperatori Hadrian sharafiga qurilgan darvoza, tashqarisida esa Usmoniylar zamoniga oid tarixiy saroylar joylashgan. Bu hududning janubida tarixiy Rim bandargohi joylashgan bo‘lib, u yerda an’anaviy qayiqlar suvda suzib yuradi. Bu yerda dengiz bo‘yidagi restoranlardan birida baliq, chig‘anoqli molyuskalar, sakkizoyoq, kalamar va qisqichbaqa kabi yangi ovlangan dengiz mahsulotlaridan tatib ko‘rish mumkin.

Ko‘proq ko‘ring, ko‘proq his qiling

Sharqqa qarab harakatni davom ettiring — bu yo‘l sizni qadimgi dengiz mintaqasi Pamfiliya sivilizasiyasining boy merosi sari olib boradi. Safarning taxminan 30-daqiqasida Rim davridan yaxshi saqlanib qolgan xarobalari bilan mashhur Perge shahri kutib oladi. Undan 40 daqiqa narida esa Aspendos shahri joylashgan bo‘lib, u Rim muhandislik san’atining durdonasi sanalgan suv quvurlari va ajoyib teatr majmuasi bilan barchani lol qoldiradi. Bu ikki shahar oralig‘ida joylashgan Belek — yam-yashil golf maydonlari va Moviy bayroq mukofotiga sazovor plyajlari bilan ajralib turadi. Keyingi bekat esa — Side shahri, u yerda qadimiy tarix va sohil jozibasi birlashadi. Suv bo‘yida joylashgan Apollon ibodatxonasi, ayniqsa, betakror quyosh botishi manzarasi bilan hayratda qoldiradi. Aspendos va Side shaharlari yoz oylarida “Tungi muzey” loyihasi doirasida kechki 22:00 gacha ochiq bo‘lib, maxsus yoritgichlar ta’sirida tamoman boshqa tusga kiradi. Bir soatlik yo‘ldan so‘ng, Injequm kabi moviy bayroqli plyajlar va Damlatash g‘ori kabi tabiiy go‘zalliklarga burkangan Alaniyada shaharning qolgan qismini kashf etish mumkin.

Kiritildi: 22:15 21.07.2025. O'qildi: 704 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!