Turizm qo‘mitasida “Yoshlar va turizm: yangi istiqbollar va imkoniyatlar” mavzusida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Students Cup 2024” respublika tanlovining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Geografiya jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga doir ilmiy-innovasion loyihalar taklif qila oladigan iqtidorli talabalar saralandi.
Tanlovda mamlakatimizning 35 ta oliy ta’lim muassasasidan 150 dan ortiq talaba ishtirok etdi. Ishtirokchilar turizmni raqamlashtirish, ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish, turistik ob’ektlarni modernizasiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda loyihalarni taqdim etdilar.
G‘oliblarga faxriy diplomlar va pul mukofotlarini Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Niyazov topshirdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Toshkent xalqaro kimyo universitetining Samarqand filiali talabasi Javlon Rustamov “Aloqa yordamida tarixiy joylar va madaniyatni o‘rganish” loyihasi bilan (Abu Rayhon Beruniy nomidagi virtual gid yordamida) qo‘lga kiritib, 5 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
2-o‘rin Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistranti Abdulqodirxo‘ja Abdullaxo‘jayevga (“O‘zbekiston Respublikasida xalqaro bolalar va o‘smirlar turizmini rivojlantirish” loyihasi uchun) nasib etdi va 3 mln so‘m bilan mukofotlandi.
3-o‘rin bilan Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti magistranti Kseniya Vlasova (“O‘zbekiston milliy tarixiy-madaniy muzeyini modernizasiya qilish” loyihasi bilan) 2 mln so‘m mukofotni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari ham topshirildi.