Bundan roppa-rosa bir yil oldin — 2025 yil 20 yanvarda Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida ikkinchi muddatini boshladi. U ko‘plab balandparvoz va’dalar bergan edi — «24 soatda tinchlik», Amerika qudratini kengaytirish va iqtisodiy «ozodlik» shular jumlasidan.
Eng shov-shuvli va’da — Ukrainadagi urushni tezda to‘xtatish edi. Ammo amalda urush davom etmoqda, Rossiya zarbalari soni esa ortdi. Muzokaralar boshlandi, biroq shu bilan Kreml xalqaro yakkalikdan chiqdi va Oq uyda Zelenskiy bilan ochiq diplomatik mojaro yuzaga keldi.
Trampning yana bir asosiy yo‘nalishi — AQSh ta’sir doirasini kengaytirish. Grenlandiya masalasi qayta kun tartibiga chiqdi, Yevropa bilan bosim kuchaydi, «milliy xavfsizlik» esa hududiy da’volar uchun asos sifatida ishlatilmoqda.
Iqtisodda esa «Amerikani ozod qilish kuni» deb e’lon qilingan tariflar siyosati joriy etildi. AQSh deyarli butun dunyoga bojlar kiritdi, Xitoy va YEI javob choralari ko‘rdi. Natijada asosiy moliyaviy yuk AQSh ichki bozori va iste’molchilari zimmasiga tushdi.
Migrasiya siyosati eng qattiq yo‘nalishlardan biri bo‘ldi: janubiy chegara yopildi, ICE byudjeti uch barobar oshirildi, deportasiyalar kuchaydi. Bu esa ommaviy noroziliklar, qurbonlar va ayrim shtatlarga Milliy gvardiya kiritilishiga olib keldi.
Energetikada «Drill, baby, drill» shiori qisman ishladi: qazib olish o‘sdi, ammo yoqilg‘i narxlari kutilganidek keskin arzonlashmadi, ayrim hududlarda esa hatto qimmatlashdi.
Davomi bor…