Oq uy yuridik bo‘limi noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda demokratlar g‘alaba qozonishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ma’muriyatdagi respublikachilar uchun yopiq brifinglar o‘tkazmoqda. Bu haqda «The Washington Post» o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, brifinglarda amaldorlarga Kongress nazorat organlarining ishlash tamoyillari tushuntirilmoqda. Xodimlar yozishmalarda ehtiyotkor bo‘lishga va kongressmenlarning so‘rovlariga tezkorlik bilan javob berishga chaqirilmoqda.
Oq uy mulozimlaridan biri WP bilan suhbatda saylov yakunlariga ko‘ra respublikachilar Kongressning kamida bitta palatasi ustidan nazoratni yo‘qotishi ehtimoli juda yuqori ekanini ta’kidlagan. Boshqa bir manbaning qo‘shimcha qilishicha, bu kabi maslahatlashuvlar Donald Trampning 2025 yilda boshlangan prezidentlik muddati davrida muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Biroq oxirgi oylardagi yig‘ilishlarda bo‘lajak saylovlar bilan bog‘liq «kuchli ishoralar» sezilmoqda.
Gazetaning yozishicha, Eron bilan urush tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar fonida prezident Donald Trampning mashhurligi pasayib bormoqda. WP, ABC News va Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Vakillar palatasiga saylovlarda demokratlar qo‘llab-quvvatlanish bo‘yicha besh foizlik ustunlikka ega bo‘lishgan.
AQShda oraliq saylovlar joriy yilning 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Vakillar palatasining barcha 435 a’zosi va Senatning 33 nafar a’zosi qayta saylanadi. Hozirda Kongressning har ikki palatasi respublikachilar nazoratida (Vakillar palatasida 435 tadan 219 ta, Senatda 100 tadan 53 ta o‘rin) bo‘lib turibdi.