Tramp Netanyahu bilan uchrashuvda G‘azodagi sulhning 2-bosqichini kelishni rejalashtirgan — Euronews.
Bugun, 29 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu uchrashuv o‘tkazadi. Uchrashuvning asosiy mavzusi G‘azodagi sulh bitimining ikkinchi bosqichini kelishib olish bo‘ladi.
Nashr manbalariga ko‘ra, muzokaralar Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tadi. Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan dastlabki sulh oktyabr oyidan buyon amal qilayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda o‘zaro ayblovlar fonida jarayon deyarli to‘xtab qolgan. Tomonlar bir-birini sulh shartlarini buzishda ayblamoqda. Shu bilan birga, AQSh ayrim masalalarda Isroilni sustkashlikda ayblayotgani aytilmoqda.
Sulh tashabbusining birinchi bosqichi HAMAS boshchiligida 2023 yil 7 oktyabr kuni amalga oshirilgan hujumning ikki yilligi arafasida boshlangan. Ikkinchi bosqich esa Tramp tomonidan taklif etilgan, 20 banddan iborat rejani o‘z ichiga oladi. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan ushbu reja HAMASning G‘azodagi hukmronligiga barham berishni ko‘zda tutadi.
"Muzokaralarda G‘azoga bevosita aloqador bo‘lmagan masalalar, jumladan, Eron mavzusi ham ko‘tarilishi mumkin. Tramp iyun oyida AQSh tomonidan Eron yadroviy ob’ektlariga berilgan zarbalardan so‘ng Tehronning yadroviy salohiyati “to‘liq va batamom yo‘q qilinganini” ta’kidlashda davom etmoqda. Biroq, Netanyahu Eron tomonidan tahdid saqlanib qolayotganini bildirib, qo‘shimcha zarbalar berish zarurligini ilgari surmoqda", deyiladi Euronews xabarida.