AQSh prezidenti Isroil sudi Netanyahuning tashqi siyosat va milliy xavfsizlik masalalari sababli tinglovni ikki haftaga kechiktirish haqidagi so‘rovini rad etganidan so‘ng Isroil bosh vazirini qo‘llab-quvvatlab post yozdi.
"Isroilda Netanyahuga qarshi daxshatli ishlar qilinmoqda. U urush qahramoni va bosh vazir, AQSh bilan birga Eronda xavfli yadroviy tahdidni yo‘q qilish yo‘lida ulkan muvaffaqiyatga erishdi. Netanyahu HAMAS bilan garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha kelishuv yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Qanday qilib uni hech bir asos bo‘lmagan holda bir kun davomida sud zalida o‘tirishga majbur qilish mumkin? Biz bunday holatga chiday olmaymiz. Qo‘shma Shtatlar Isroilni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun har yili milliardlab dollar sarflaydi, bu boshqa har qanday davlatnikidan ko‘ra ko‘proq", — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Axios'ning yozishicha Trampning bu “g‘ayrioddiy bayonoti” AQSh harbiy yordamidan Isroilda sud jarayonini bekor qilish uchun bosim sifatida foydalanishga urinish hisoblanadi. Nashr buni “misli ko‘rilmagan aralashuv” deb baholab, “10 million isroillik insonning xavfsizligini bir odamning jinoiy ishiga bog‘lab qo‘yish” deb atadi.
Netanyahu Trampga minnatdorchilik bildirib, “Birgalikda Yaqin Sharqni yana buyuk qilamiz!”, — deya yozib qoldirdi.