Donald Tramp Eronga bo‘ladigan hujumni puxta rejalashtirmoqchi. Bu haqda Axios xabar berdi.
Nashr muxbiri Barak Ravidning manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga zarba berish to‘g‘risidagi qarorni kechiktirmoqda, chunki Oq uy harbiy operasiya muddatlari va zarbalar Eron rejimini sezilarli darajada beqarorlashtirish ehtimollarini ittifoqchilar bilan muhokama qilmoqda.
"Garchi hozircha zarba muqarrar bo‘lib ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, vaziyatdan xabardor amerikalik rasmiy menga prezident vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini aytdi", — deya qo‘shimcha qildi Ravid.
Avvalroq OAV Pentagon Janubiy Xitoy dengizidan aviatashuvchi hujum guruhini Yaqin Sharqqa ko‘chirayotgani haqida xabar bergan edi. Guruh Fors ko‘rfaziga taxminan kelgusi hafta o‘rtalarida yetib boradi.
Mutaxassislarning fikricha, zarba berish uchun kuchlarni jamlash vaqt talab qilishi ham Eronga hujum bo‘yicha qarorning kechiktirilish sabablaridan biri hisoblanadi.
Ikkinchi sabab sifatida Eron hokimiyati tomonidan norozilik namoyishlarining amalda bostirilishi zarbalar natijasida Tehronda hokimiyat qulashi ehtimolini sezilarli darajada kamaytirishi keltirilgan. Shu bilan birga, Eron mintaqadagi AQSh kuchlariga zarba berishi ham mumkin, bu esa amerikalik askarlar orasida qurbonlar bo‘lishiga olib keladi.