Donald Tramp AQShning amaldagi prezidenti bo‘lganiga uch haftadan kamroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, u Vladimir Putinga "uchta katta sovg‘a" berishga ulgurdi. Bu haqda Newsweek nashri xabar bermoqda.
Xususan, shu hafta Tramp G‘azo urushi paytida harbiy jinoyatlarda aybdor bo‘lgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olish to‘g‘risida o‘tgan yil oxirida xalqaro sud idorasi tomonidan berilgan order sababli Xalqaro jinoiy sudga (XJS) qarshi sanksiyalar joriy etish haqida farmon chiqardi.
"Biroq, bu Rossiya prezidenti uchun ham ajoyib sovg‘a hisoblanadi, chunki ilgari XJS bosib olingan hududlardan ukrainalik bolalarni olib ketishda ayblanayotgan Putinni hibsga olish uchun order bergandi.
Tramp ma’muriyatining sanksiyalari Rossiya prezidentiga bo‘lgan bosimni kamaytirmoqda. Kreml targ‘ibotchilari AQSh yangi ma’muriyatining Moskva uchun foydali bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar fonida ularning ritorikasi va qarorlarini ma’qullamoqda," deya yozadi Newsweek.
Moskvaga ikkinchi sovg‘a - AQSh sobiq prezidenti ma’muriyati ko‘rsatmasi bilan rus oligarxlarining yashirin mol-mulkini izlash bilan shug‘ullangan Adliya vazirligi qoshidagi operativ guruhning tarqatib yuborilishi. AQShning yangi bosh prokurori Pem Bondi guruh faoliyatini narkokartellarga qarshi kurashga yo‘naltirishni buyurdi.
Bondining yana bir farmoyishi federal huquqni muhofaza qilish organlarining Rossiya va Xitoy kabi boshqa raqiblarning Amerika siyosatida tartibsizlik uyg‘otishga qaratilgan yashirin ta’sir kampaniyalariga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlarini to‘xtatib qo‘yadi.