AQSh prezidenti Donald Tramp Medicare Part B dasturida ro‘yxatdan o‘tgan 20 milliondan ortiq keksa amerikalikka tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplash uchun bir martalik to‘lovlar berilishini ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, har bir fuqaroga taxminan 90 dollardan to‘lanadi. Bu maqsad uchun davlat byudjeti hisobidan qariyb 2 milliard dollar ajratilishi rejalashtirilgan.
Prezident bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’muriyat to‘lovlarni yaqin vaqt ichida yuborishni boshlaydi. Mablag‘ Medicare Part B dasturida ro‘yxatdan o‘tgan keksa fuqarolarning sug‘urta badallarini to‘lashga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Tramp, shuningdek, 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Kongressdagi oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasi g‘alaba qozonsa, AQShning barcha katta yoshli fuqarolariga 5 ming dollardan berish va’dasini yana bir bor takrorladi.
Ushbu tashabbus amalga oshirilsa, davlat byudjetiga 1 trillion dollardan ortiq xarajat tushishi mumkin. Tramp bu reja haqida avval ham, jumladan sentyabr oyida bildirgan edi.