Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Qo‘ng‘irot” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan respublikamizda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan birining nomiga Xitoy davlatidan olib kelingan quvur tovarlari o‘rganilganida, ularda hujjatlarda ko‘rsatilgan dvigatel qismlari mavjud emasligi, aksincha ushbu quvurlar burg‘ulash uchun mo‘ljallangani aniqlandi. Tayinlangan tasniflash ekspertizasi qaroriga ko‘ra ushbu tovar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan ro‘yxatda ko‘rsatilmaganligi va unga nisbatan bojxona to‘lovi undirilishi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holatda tadbirkorlik sub’ektidan bojxona to‘lovlari uchun davlat byudjetiga jami 1 milliard 617 million so‘m undiriladigan bo‘ldi.