Toshkent shahridagi “Seoul Mun” sayilgohi hududidagi Bo‘rijar suv kanalida 17 yoshli yigitning jasadi 24 avgust kuni topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Haqiyot Shamsutdinov xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhum ofisiant bo‘lib ishlagan.
Yigit kanalga kepkasini olish uchun sakragani, biroq suvdan chiqib ketishga ulgurmagani haqida avvalroq xabar berilgan edi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, uning yonida bo‘lgan do‘sti ham qutqarishga urinib ko‘rgan, ammo uning o‘zi zo‘rg‘a qirg‘oqqa chiqqan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan va hodisa tafsilotlari bo‘yicha tekshiruv davom etmoqda.
Mahalliy aholi ushbu hududda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida suv havzalarida ehtiyot choralariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda.