Toshkentda Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi atrofidagi tunnel yo‘lida tirgak devorning bir qismi o‘pirilib tushdi.
Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yuborilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan, zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, hozirda kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda.
"Tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta. Dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta’siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda ob’ektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda", deyiladi hokimlik bayonotida.
Texnik tekshiruv yakunlari bo‘yicha tiklash ishlari yuzasidan qaror qabul qilinadi. Qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, mas’ul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.
Tasdiqlangan ma’lumotlar kelib tushishiga qarab, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari rasmiy kanallar orqali qo‘shimcha tarzda xabardor qilib boriladi.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.