Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Toshkentda tekin daromad topishni ko‘zlagan homilador ayolning nayrangi fosh bo‘ldi

Toshkentda tekin daromad topishni ko‘zlagan homilador ayolning nayrangi fosh bo‘ldi

Toshkentda mijozdan olingan pullarni qasddan g‘aznaga o‘tkazmagan sayyohlik firmasining norasmiy agenti Iroda Azimovaga hukm o‘qildi. Bu haqda Yakkasaroy tuman prokurorining yordamchisi lavozimida ish o‘rganuvchi Zubaydaxon Murotova xabar berdi.

"Daryo" nashriga ko‘ra, I.Azimova Yakkasaroy tumanida faoliyat yuritayotgan sayyohlik firmalaridan birida norasmiy agent bo‘lib ishlardi. U turli mamlakatlarga sayohat qilishni maqsad qilgan fuqarolarni topib, «turfirma»ga olib kelar va ikki tomondan o‘zining xizmat haqini olib, tirikchiligini qilardi.

Bora-bora ayol firma xodimlarining ishonchiga kirib, goh-gohida, ya’ni o‘ziga pul zarur bo‘lgan holatlarda firmaga mijoz olib kelar, ularning hujjatlarini rasmiylashtirib, jo‘natib yuborar, ular tomonidan to‘langan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib, keyinchalik pul topganida firmaning g‘aznasiga kirim qilardi. Unga firma xodimlari ishonch bildirgani uchun ba’zan Irodaning bunday ishiga ruxsat berib turishardi. Ammo bir kuni I.Azimova bu ishonchdan foydalanib, tekin daromadli bo‘lishni maqsad qiladi.

O‘tgan yilning avgust oyida Iroda fuqarolar A.Yusupov, S.Rahmatullayev, A.Fayziboyev va F.Berdiyevlarni Xitoy davlatiga jo‘natish uchun ularning nomiga mazkur «turfirma»dan bahosi 18 million 79 ming so‘mlik aviabiletlar rasmiylashtiradi. Bu fuqarolardan «Toshkent—Urumchi—Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan 4 ta aviabiletning pullarini olgan I.Azimova ularni firmaning g‘aznasiga kirim qilmasdan, firma xodimi J.Rahimovga yuzlanadi va pul zarur bo‘lib qolgani, ertasi kuni pullarni to‘lab qo‘yishini aytadi. Bu safar Javohir uning gaplariga ishonib, chuv tushganini, oradan bir necha oy o‘tib ham pullar g‘aznaga to‘lanmagandan keyin angladi. U mazkur holat bo‘yicha tegishli joyga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining majlisida Iroda Azimova aybiga to‘liq iqror bo‘ldi va qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, moddiy zararni kelgusida qoplab berishini aytdi. Homiladorligi sababli yengillik berishlarini so‘radi.

Sud Iroda Azimovaga JKning 168-moddasi 1-qismi bilan bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlab, hukm o‘qidi.

Kiritildi: 00:20 14.06.2019. O'qildi: 2947 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!