Yangi hafta boshida Markaziy Osiyo respublikalari tashqi ishlar vazirlari va AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Toshkentda yig‘iladi.
3 fevral, dushanba kuni Toshkent shahrida «C5+1» shaklida navbatdagi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, uchrashuvda Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo ishtirok etadi.
«Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh hamkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhomkama qilishi kutilmoqda», – deyiladi TIV xabarida.
Pompeo Toshkentda 2 fevral kuni yetib kelishi kutilyapti. Tashrif davomida u prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ladi.
AQSh davlat kotibining mintaqa diplomatiyasi yetakchilari bilan uchrashuvida Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi ham asosiy mavzulardan bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, «Markaziy Osiyo-AQSh» shaklining («C5+1») oxirgi yuqori darajali uchrashuvlari 2019 yil avgustida Nur-Sultonda, sentyabrda Nyu-Yorkdabo‘lib o‘tgan edi.
Dekabr oyida Toshkentda ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.